Jahon banki e’tirofi: Murakkab inqirozli sharoitda ham O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 1,5 foizga prognoz qilinmoqda

Yaqinda Jahon banki tomonidan e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyotining bu yilgi murakkab inqirozli sharoitda ham 1,5 foizga o‘sishining prognoz qilinishi mamlakatda davlat rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan tizimli va uzviy islohotlarning samarasi, deb baholash mumkin.

Ma’lumki, pandemiya barcha davlatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Jami talabning keskin pasayishi natijasida xom ashyo tovarlari va xizmatlarning narxlari tushib ketdi. Global va mintaqaviy ta’minot tizimlarida uzilishlar vujudga kelib, moliyaviy bozorlarda risklar qabul qilinmay qo‘ydi. Global iqtisodiyotda retsessiya jarayonlari kuchayib, mintaqadagi davlatlar valyutalarining nisbatan zaifligi natijasida, jalb etilayotgan qarzlar qiymatining keskin ortishiga olib keldi. Eksportning keskin kamayishi esa to‘lov balansiga “ortiqcha yuk”ni vujudga keltirdi.

Shu o‘rinda, Jahon banki e’tirofiga sababchi bo‘lgan  mamlakatimizning iqtisodiy omillariga e’tibor qaratishimiz va kelgusida pandemiya hamda iqtisodiy inqiroz sharoitlarida islohotlar jarayonlarini yanada chuqurlashtirish yo‘nalishlarini belgilab olishimiz lozim, deb hisoblaymiz.

Davlatimiz tomonidan pandemiyaning aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga dastlabki bosqichlardayoq katta e’tibor qaratildi. Sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlarga aniq va samarali choralar belgilab berildi. Iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash – hukumatning asosiy vazifasi sifatida belgilandi.

Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida koronavirus pandemiyasi sharoitida global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga asosan 10 trillion so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzildi. Koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati berildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, fermerlarning suv solig‘i 50 foizga kamaytirildi. Bunda mahalliy byudjetdagi yo‘qotishlar respublika byudjetidan qoplab berilishi belgilandi.

Ishbilarmonlik muhitini saqlab qolish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi harakatlar o‘z “mevasini” bermay qolmadi. Buning yaqqol dalili sifatida Jahon bankining mazkur e’tirofini misol tariqasida ko‘rsatishimiz mumkin.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.