O‘zbekistonda shu haftada yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
25 avgustda respublikada ob-havo sharoitlarining o‘zgarishi kutilmoqda, ertalab respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlariga, kechga borib markaziy tumanlariga Volgabo‘yi hududidan salqin va nam havo oqimi kiradi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kun davomida, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida esa kechga borib qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 20-25 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi pasayib 28-33 darajani tashkil qiladi, bu me’yoriy ko‘rsatkichlardan biroz pastdir.
26 avgust kuni respublika hududiga kirgan salqin atmosfera fronti janubi-sharq tomonga siljiydi, mamlakat hududining katta qismida momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Antitsiklon ta’sirida 26 avgust eng salqin kun bo‘lishi kutilmoqda, harorat kechasi 15-18 daraja, kunduzi 23-26 darajani tashkil qiladi. Bunday harorat me’yordan 6-9 darajaga pastdir.
Haftaning seshanba va chorshanba kunlari respublika bo‘yicha shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.
Payshanba va juma kunlari mamlakatda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Antitsiklon ta’sirida tungi salqin harorat saqlanib turadi va 15-20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi esa havo asta-sekin isishni boshlaydi va 28 avgustda 30-35 darajagacha ko‘tarilib, oyning shu davri uchun xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga yaqinlashadi.