O‘zbekistonda uylarning narxi o‘rtacha 30 foizgacha arzonlashishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda. Xususan, joriy yilda qishloqlarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko‘p qavatli turar joy barpo etilmoqda.
“Sardoba” suv omboridagi hodisadan keyin Sardoba hamda Mirzaobod tumanlarida qisqa muddatda 86 ta besh qavatli uy qurib bitkazildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ushbu tajribadan foydalanib, loyihalarni takomillashtirish, turar joylarni aholi uchun yanada arzon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shunga muvofiq, besh qavatli uylar loyihasi qayta ko‘rib chiqilib, xonadonlarning joylashuvi va xonalarning ichki maydoni maqbullashtirildi. Qurilish materiallari loyihaga mos o‘lchamda ishlab chiqariladi, isrof bo‘lmaydi. Hovli va yo‘laklarga sensorli elektr chiroqlari qo‘yiladi. Bu kabi tejamkor choralar natijasida uylarning narxi o‘rtacha 30 foizgacha arzonlashadi.
Prezidentimiz ushbu loyihani ma’qullab, bunday turar joylarni aholi zich joylashgan barcha tumanlarda qurish zarurligini ta’kidladi.