O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish qanchalik muhim?

Tabiat bilan iqtisodiyot o‘rtasida bog‘liqlik kishilik jamiyatining ilk bosqichlaridan ma’lum.

Tabiat insonni oziq-ovqat kiyim–kechak joy va boshqa zaruriy moddiy ne’matlar bilan ta’minlaydi. Inson tabiatdan estetik zavq oladi, uning ta’sirida mehnat qiladi, mahsulot yaratadi, xizmat ko‘rsatadi, sog‘ligini tiklaydi, ulg‘ayadi, xullas, hayot uchun barcha zaruriy ne’matlardan bahramand bo‘ladi. Shunday ekan iqtisodiyot taraqqiyoti bevosita tabiiy resurslariga bog‘liq. Ammo jahonda so‘nggi yillarda rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida olib borilgan musobaqalar natijasida, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilmadi, oqibatida chiqindilar hajmi haddan ziyod oshib bordi. Bular o‘z navbatida atrof muhitga, insonlar salomatligiga salbiy ta’sir qila boshladi. Ekstensiv rivojlanish iqtisodiyotni (xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni) tabiat qonunlariga zid ravishda faoliyat yuritishini taqozo etadi. Bunday usulning jadal rivojlanishi global darajadagi ekologik inqirozga sabab bo‘ldi. Bularning barchasi jahon miqyosida yashil iqtisodiyotga o‘tish zaruratini keltirib chiqardi.

Yer shari aholisiga tahdid solayotgan global ekologik inqiroz O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi va oxirgi o‘n yillikda aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Ayrim iqlimshunos ekspertlar mamlakatimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan iqlim o‘zgarishlarini asoslab berdilar.

Xusuan, mamlakatimiz 191 mamlakat orasida iqlim o‘zgarishi ta’siri darajasi bo‘yicha 96-o‘rinni, INFORM 2022 xavf indeksida-tabiiy ofatlar xavfi bo‘yicha 111-o‘rinni egallaydi.

2021 yilda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar emissiyasi hajmi 909 ming tonnani tashkil etdi.

Qurg‘oqchilikka moyil aholi ulushi 76,3 foizni tashkil etdi.

Ushbu ekologik xavf-xatarlarning oldi olinmasa, ularga biron bir yechim topilmasa 2030 yilda quyidagi xavflar kelib chiqishi mumkin:

- anomal issiqlik tufayli aholi sog‘lig‘ini saqlash va ijtimoiy himoya bo‘yicha YaIMning 6 foizi miqdorida qo‘shimcha xarajat yuzaga keladi;

- iqlim o‘zgarishining bevositata’sirining iqtisodiy qiymati YaIMning 1 foizini tashkil etadi;

- yer degradatsiyasi YaIMning 4 foiziga teng iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.

 O‘zbekistonda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishning dolzarbligi va zarurligi quyidagi omillar bilan belgilanadi:

atrof-muhitning ifloslanishi va tabiiy resurslar tugashining salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida iqtisodiyotda texnologik modernizatsiyalashni amalga oshirishni zarurligi;

uglevodorod xom-ashyosi va uning pirovard mahsulot qiymatidagi ulushiga   bog‘liqligini   qisqartirish   asosida   iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish;

katta multiplikativ samaraga ega bo‘lgan yuqori texnologiyali tarmoqlarni yangilash imkonini beruvchi yashil innovatsiyalarni qo‘llash;

past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida uglevodorodga bog‘liqlikni qisqartirish.

Ammo shuni e’tiborga olish lozimki “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish zarurligini ilmiy asoslashning murakkabligi, ekologik muammolarni prognozlashning yuqori darajada noaniqligi ushbu konsepsiyani tushunarli, sodda tarzda tushuntirishda qiyinchiliklar tug‘diradi. Jumladan, issiqxona gazlarini atmosferaga chiqarish muddati va darajasini pasaytirish bo‘yicha yagona kelishuv mavjud emas.

Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston uglevodorod energiyasi – neft, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan “yashil energetika”ga o‘tish ming chandon afzal. . Chunki “Yashil iqtisodiyot”ning muhim komponenti qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish va foydalanish hisoblanadi. Bu jihatdan O‘zbekistonning salohiyati ancha yuqori.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizga xavfsiz ekologik sog‘lom muhit, xavfsiz oziq-ovqat, xullas kundalik turmushida barcha ekolik tamoyillarga rioya qilishga undaydigan va keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratib beradigan, har bir “yashil oila” maqomiga erishmoqchi bo‘lgan oilalar uchun “yashil oila konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni juda muhim, deb hisobladik (1-chizma) .

Yashil oilani kundalik turmush tarzi muayyan tizim shaklida quyidagi kategoriyalarga asoslanishi lozim: yashil byudjet, yashil landshaft, yashil fitobar, yashil ovqatlanish, yashil tarbiya, yashil texnologiya, yashil sport.

Har bir oilaning sog‘lom va tejamkor muhitda yashash tarzi mana shu kategoriyalarga bog‘liq. Ushbu konsepsiyani batafsil tahlil qilish uchun har bir kategoriyani izohlab chiqamiz.

Yashil byudjet – oilaviy byudjetni oilada yanada tejamkor sog‘lom muhit yaratish uchun uy xo‘jaligini yuritish uchun xarajatlar, tovar mahsulotlar, xizmatlar, kundalik oziq-ovqatlar iste’mol savatchasidan tortib chiqindilarni ham saralab undan tejamkor foydalanish, davolanish,oilaviy dam olish, turli oilaviy to‘y-tadbirlarni o‘tkazishda ham tejamkor soglom muhit yaratishda yashil byudjetdan foydalanishni muhim deb sanadik.

Yashil landshaft - oila a’zolari toza kislorod bilan nafas olishi, tabiiy estetik zavq olishi ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi uchun hatto sog‘lom ovqatlanishi va oila byudjetini tejab qolish, shu bilan birga qo‘shimcha daromad topishida muhim rol o‘ynaydi. Yashil landshaftni yaratish ko‘p qavatli uylarda yashaydigan xonadonlarda, balkonlarda gultuvaklarda xonaki gullarni ko‘paytirish, uy sharoitida gultuvaklarda hosil beradigan sitrus mevalar, sabzavot, ko‘katlargacha parvarishlab yetishtirish mumkin. Tomorqasi bor xonadonlarda esa ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan sabzavot, ko‘chatlar ekib bog‘ yaratish mumkin.

Yashil fitobar – ushbu qismni xalq tabobati asosida davolanish uchun yashil tibbiyot burchagi deb atasa ham bo‘ladi. Ko‘p qavatli uylardan tortib tomorqasi bor uylarning asosan oshxona jihozlarining uncha katta bo‘lmagan masalan 50x50 sm o‘lchamli bir kichik qismida (oila egasi hohishiga qarab) asosiy dorivor giyohlarning 25 turidan tayyorlangan qaynatmalar, damlamalar,  surtmalardan oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, davolanish uchun kundalik turmush tarzida muntazam foydalanish.

Yashil ovqatlanish - oilada “yashil taomnoma” ishlab chiqish, to‘g‘ri ovqatlanish, inson salomatligining 70 foizini kafolatlaydi.

Yashil tarbiya – ona tabiat, uni sevish va asrash, hayvonot dunyosini sevish kabi fazilatlarni targ‘ib etadigan multfilm, kinofilmlarni ko‘proq targ‘ib qilish oila a’zolarining munosabatlarida, dam olish, hordiq chiqarish, gadjetlarda oilaning muhim qadriyatlari sifatida farzandlar tarbiyasida aks etishi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Yashil texnologiya - elektr energiya, tabiiy gazlarni tejash, ichimlik suvi va atrof-muhitni iflos qilmaslik, kundalik turmush tarzida innovatsion aqlli texnologiyalardan foydalanishni anglatadi. Yashil texnologiyalarga o‘tgan oilalarda oila uchun kerak bo‘lgan har bir texnika, jihoz, buyumlar tejamkorlik darajasi hisob-kitob qilinib sotib olinadi.

Yashil sport - oilada yashil sportni shakllantirish uchun ertalabki badantarbiya mashqi, har kuni 2 kilometrdan 5 kilometrgacha piyoda yurishni odat qilish (ilovalar orqali) uzoq masofalarga velosipedda borish, farzandlarga sport bilan shug‘ullanishi uchun sport anjomlari olib berish, oilalar o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil etish oilada sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Xulosa qilib aytganda O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish zarurati ijtimoiy va iqtisodiy, ekologik ahamiyatni kasb etadi. Shuningdek, inson salomatli va atrof muhitni asrab avaylash, tabiiy resurslarni tejash ulardan unumli foydalanishni taqozo etadi. Jahon hamjamiyatidagi tomonidan qabul qilinayotgan standartlar ishlab chiqarish korxonalarini yashil texnologiyalar bilan ishlashni talab etadi. Bularning barchasi esa yashil iqtisodiyotga o‘tishni anglatadi

Gulbahor Nasretdinova,

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mustaqil tadqiqotchisi