O‘zbekistonga chigirtkalar Turkmanistondan kirib kelganmi, zararli ekin maydonlari ustida qanday ishlar olib borilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkmanistondan mamlakatimizga chigirtkalar yopirilib kirib kelgani haqida xabarlar tarqalib, ular karantin va ob-havoning injiqliklari kuzatilayotgan bugungi sharoitda qishloq xo‘jaligiga katta ziyon yetkazishi aytilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati chigirtkalar bilan bog‘liq holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhadagi chigirtkalar chetdan kelmagan, balki tabiatning ajralmas a’zosi sifatida hududning o‘zida paydo bo‘lgan. Ular uzoq hududlarga, mamlakatdan mamlakatga ko‘chib o‘tishi uchun qanot chiqarib, voyaga yetishi kerak. Bunga esa Chigirtkalarga qarshi kurash xizmati aslo yo‘l bermaydi.

Ma’lumot uchun aytish joizki, O‘zbekistonda chigirtkaning 150 dan ortiq turi uchraydi. Ulardan 10 turi qishloq xo‘jalik ekinlari, yaylovlar va boshqa o‘simliklarga katta zarar yetkazishi mumkin. Chigirtkalar yashash tarziga qarab 2 guruhga ajratiladi. Bular to‘da hosil qilib yashovchi Marokash, Osiyo va voha chigirtkalari hamda to‘da hosil qilmaydigan (mahalliy) chigirtkalardir.

Keng tarqalgan chigirtka turlaridan biri Marokash chigirtkasi bo‘lib, ular Shimoliy Afrika davlatlari hududidan Xitoyning Sharqiy Turkiston o‘lkasigacha, qariyb 10 million kvadrat kilometr bo‘lgan tog‘ oldi maydonlarining yarim cho‘llarida tarqalgan. O‘zbekistonda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining dengiz sathidan 250 metr balandliklarda bo‘lgan hamma hududlarida, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysining yaylovlarida keng tarqalgan. Ushbu chigirtka lichinkalari erta bahorda tuproqning ustki qatlami harorati +10 darajaga yetganda, ya’ni mart oyining oxirlarida, bahor salqin kelgan yillarda esa aprel oyining o‘rtalarida chiqadi.

Chigirtkalar barcha qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararlaydi. Ayniqsa arpa, bug‘doy, oq jo‘xori, tariq, makkajo‘xori, tamaki, beda, g‘o‘za va poliz ekinlariga katta zarar yetkazadi. Yoppasiga ko‘paygan yillarda tok va mevali daraxtlarning barglari bilan ham oziqlanadi. Zararli bu hasharotlar O‘zbekiston hududida qadim zamonlardan buyon mavjud. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning birinchi yarmida ocharchiliklarga ham sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, zararli chigirtkalarni ilmiy nuqtai-nazardan o‘rganish asosida samarali kurash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.

Hozirda mamlakatimizda chigirtkalarga qarshi kurash xizmati faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ushbu tashkilotning barcha viloyatlarda bo‘limlari mavjud. Xizmat xodimlari olimlar bilan hamkorlikda ishlab, zararli chigirtkalarning paydo bo‘lish o‘choqlarini aniqlash, qishlash sharoitlari va muddatlarini o‘rganish, tahliliy ma’lumotlarini ishlab chiqish va joylarga yetkazish asosida samarali kurash tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda.

Xususan, mamlakat bo‘yicha 2019 yilda 503,4 ming gektar maydonlarda ishlovlar o‘tkazilib, chigirtkalarning qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarari bartaraf etilgan. 2020 yilda respublika bo‘yicha zararli chigirtkalarning 597,9 ming gektarda tarqalishi va kimyoviy ishlov o‘tkazilishi bashorat qilingan. Shularni inobatga olgan holda bu yilgi kurash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha texnika va kimyoviy vositalar zaxirasi to‘liq yaratilgan.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha zararli chigirtkalarning 122,2 ming gektar maydonda tarqalgani aniqlanib, hozirda 112 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. Jumladan, Qashqadaryoda 38,1 ming, Surxondaryoda 31 ming, Jizzaxda 23 ming, Samarqandda 7,7 ming, Toshkentda 6,1 ming, Navoiyda 5,1 ming, Farg‘onada 754, Sirdaryoda 177, Buxoroda 66 gektar va Andijon viloyatida 40 gektar maydon kimyoviy dorilandi.

Vaziyat nazoratga olingan.