O‘zbekistonga xorijdan kelishda belgilangan tartiblar eslatildi

Tashqi ishlar vazirligi koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy davlatlar hududidan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurish bo‘yicha tartiblar to‘g‘risida yana bir bor eslatma berdi.

1. Havo transporti yoki temir yo‘l orqali kirib kelayotgan shaxslar qatnovga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda PZR testining manfiy ma’lumotnomasini taqdim etishi kerak. PZR test o‘tkazish orqali koronavirus infeksiyasi mavjudligini tekshirish huquqiga ega laboratoriyalar va tibbiyot muassasalari ro‘yxati quyidagi havolada qayd qilingan: http://www.sanepid.uz/.

2. O‘zbekistonga avtomobil yo‘llari orqali kirib kelayotgan yo‘lovchilar, o‘z mablag‘lari hisobidan, chegara o‘tkazish punktlarida ekspress antigen test topshirishlari kerak. Test natijasi musbat bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan shaxslar Respublika hududiga kiritilmaydi.

3. “Sariq” va “qizil” toifaga ajratilgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishda majburiyatnoma to‘ldirgan holda, 14 kunga yashash joyi bo‘yicha yoki mehmonxonada uy karantinini o‘tashlari talab etiladi.

4. Sayyoh sifatida kelayotgan chet el fuqarolari zarurat bo‘lganda, xizmatini ko‘rsatish shartnomasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan vaucher taqdim qilishi kerak bo‘ladi.

5. O‘zbekistonga “sariq” va “qizil” davlatlardan mustaqil tashrif buyurayotgan turistlar (turoperator xizmatlaridan foydalanmasdan) umumiy tartibda kirib kelishi belgilangan.

6. Chegarada topshirilgan test natijalari musbat chiqqanda xorij fuqarolari o‘z mamlakatiga qaytib ketish masalasi shu kundagi muayyan aviakompaniya yoki boshqa transport kompaniyalarining yo‘lovchilarni tashish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.