O‘zbekistonim
Xaritaga tashlayman nazar,
Ne-ne yurtlar yastanib yotar.
Har birida ming bir sinoat,
Muzlikda ham odamzot yashar.
Kim giyohsiz yurtin ulug‘lar,
Kim quyoshsiz yurtin qadrlar.
Nechun senday suyuk yurt uchun,
Yuragimda to‘lmas faxrlar.
O‘zing mening jannatmakonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Kechmishingdan ko‘zim qamashar,
So‘zlay desam so‘zim qamashar.
Toptalsa-da tarixing ming bor,
Bori - buguningga yarashar.
Kim sen haqda cho‘pchak to‘qidi,
Kim o‘tmishing chappa o‘qidi.
Moziyingga qora tortib kim,
Tuhmatlaru loflar to‘qidi.
Eslaganda ortar fig‘onim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Husni mulking ko‘pni rom etdi,
Ne g‘animlar senga ko‘z tutdi.
Iskandar-u Chingizxon bo‘lib,
Qon qaqshatib, qalbingni titdi.
Bosqinchilar qilich qayradi,
Halqing yig‘lab, dushman yayradi.
Ot surganda Botu, Jo‘jilar,
Bog‘laringda zog‘lar sayradi.
Sitamlardan dili afg‘onim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Kim ham sevmas o‘z Vatanini,
Ayamasdan jonu tanini,
Mardlar qo‘lga qurol oldilar,
Asrash uchun yurtin sha’nini.
Afsonaviy To‘maris, Shiroq,
El qalbiga yoqoldi chiroq.
Spitamen, Muqanna yovni,
Qon qaqshatdi, tolmadi biroq.
Mangu tirik mard pahlavonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Jaloliddin kirganda jangga,
«Sichqon» ini bo‘ldi ming tanga.
Omon chiqib ajal komidan,
Ko‘p yaradi yurtga, Vatanga.
Amur Temur - yengilmas hoqon,
Jaholatning o‘tkir tig‘iga,
Adolatni ayladi qalqon.
Faxrim mening sohibqironim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Beshik bo‘lding necha zotlarga,
Qancha ilm-u, ta’limotlarga.
Har qariching sirli olamday,
To‘la noyob ma’lumotlarga.
Qo‘llarida qilich-u, qalam,
Yuragida sevinch-u, alam.
Shamshiridan yovlar poyida,
Qalamidan tiz cho‘kdi olam.
Ilmu - marifatga oshyonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Kim yalong‘och o‘rmon kezardi,
Kimdir tog‘da g‘orin qazardi.
Qoyil qilib dunyoni, o‘g‘ling,
Bunda «Al-Jabr»ni yozardi.
Buyuk Sino «Tib qonunlari»,
Xorazmning ilm Ma’munlari,
Lol etganda jumla jahonni,
Mudroq edi g‘arb Darvinlari.
Aqli teran - sen bilimdonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
O‘tdi qancha-qancha donolar,
So‘zlarida olam ma’nolar.
At -Termiziy, Naqshbandiylar,
Yo‘qdan borni qildi binolar.
Hadis ilmin yaratgan o‘zing,
Qalblarga nur taratgan o‘zing.
Al-Buxoriy yoqqan mash’alga,
Dunyoni lol qaratgan o‘zing.
Qo‘li ishda, qalbda Qur’onim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Xalqim tilin no‘noq bildilar,
Ko‘zi yopiq buloq bildilar.
Turkiy tilda bitilgan bitik,
Ravon ersa, oqsoq bildilar.
Mir Alisher - nazmda sulton,
O‘ksik tilga bera oldi jon.
Zabonini kamsitganlarni,
«Xamsa»sila ayladi hayron.
Shundan buyuk turkiy zabonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Dunyoda bor turli ta’limot,
Samolarda izlardi hayot.
Ming taxmin-u, ming bir gumonlar,
Berolmasdi biror ma’lumot.
Ne donolar samoga shoshdi,
Sayyoralar insondan qochdi.
Galileydan oldin Ulug‘bek,
Falakiyot sirlarin ochdi.
Yulduzlarga to‘la osmonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Qay davrdan so‘zlayin, ayting,
Yo uyg‘onish, yo hazon payting.
Yassaviydan so‘zlab beraymi?
Ta’rifiga yetarmi bayting.
Beruniylar, Marg‘inoniylar,
Moturidiy, al-Farg‘oniylar,
Meroslari bebaho boylik,
Darkor emas g‘irrom «homiylar».
Ajdodlarim sharafim, sha’nim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Hindda Bobur chekkanida g‘am,
Mashrab dorga osilganda ham,
Yaratishdan tolmading sira,
Yuksalishdan tinmading bir dam.
Tinchimading va olg‘a bosding,
Erk yo‘lida daryoday toshding.
Gohi Behzod, goh Bedil bo‘lib,
Ozodlikka talpinding, shoshding.
Ko‘ngli yarim, lek but imonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Sabr-bardosh bo‘ldi ovunching,
G‘amga qorish bo‘ldi sevinching.
Besh ming yillik tarixing guvoh,
Ko‘p ko‘rdilar jindek quvonching.
Yovni quvib, yovga tutilding,
Ming qopqon-u, g‘ovga tutilding.
«Qizil iblis» atalmish o‘pqon,
Yesa to‘ymas devga tutilding.
Balolarga ko‘ksi qalqonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Qodiriyning «O‘tgan kunlari»,
O‘tmishingning qaro tunlari.
Oh, begunoh Usmon Nosirning,
Tinchlik bermas menga xunlari.
Zor yig‘ladi necha o‘g‘loning,
Minglab Fitrat, minglab Cho‘lponing.
Yaylovini maqtasa, hatto,
«Xalq dushmani» bo‘ldi cho‘poning.
Sibirlarda darbadar jonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Salla desa kallang uzildi,
Uyda kuyu, allang uzildi.
Vatan so‘zin baralla aytsang,
Peshonangga ajal yozildi.
Boshga do‘pping qo‘yolmay qolding,
Xon atlasing kiyolmay qolding.
Ixtiyoring ketib qo‘lingdan,
Qulligingdan uyalmay qolding.
Tomigacha paxta maydonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Ne kunlarni ko‘rmadi boshing,
Yomg‘ir bo‘lib oqdi ko‘z yoshing.
Boyligingni yelga sovurib,
Qoldirmadi tog‘dagi toshing.
Qaro kunlar azobin tortding,
Oftob bo‘lib, chiqmasdan botding.
Uy to‘rini o‘zgaga berib,
Poygaklarda mudrabon yotding.
O‘z uyiga o‘zi mehmonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Kun ketidan kunlar o‘tardi,
Yurt qahrini ichga yutardi.
Mehrin berib ona zaminga,
Xalqim nurli kunni kutardi.
Kutar edi intiq, intizor,
Saqlagancha qalbda nomus, or.
Esar edi hurlik shamoli,
Istiqloldan bergandek xabar.
Katta yo‘lda ketar karvonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Yigirmanchi asr so‘ngida,
Insoniyat ko‘zi o‘ngida,
Mustaqillik nuri balqidi,
Sentyabrning oppoq tongida.
Armonlari ushaldi elning,
Orzulari qondi har dilning.
Iqboliga payondoz yozdi,
Baxtga eltar, shu porloq yo‘lning.
Borar yeri – yuksak dovonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Tangri talo yo‘ling yoritdi,
Xizr bobo qo‘lingdan tutdi.
Zulmat aro toptalgan yurtda,
Mustaqillik tonglari otdi.
Totli kunlar keldi elingga,
Quvonch sig‘mas o‘ksik dilingga.
Yuraklarda jo‘shib tuyg‘ular,
Erk bayrog‘in olding qo‘lingga.
Ushalmoqda asriy armonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Osmono‘par chinorlaring bor,
Ko‘rkingga ko‘rk minorlaring bor,
Registon-u, Ichanqa’lada,
Ming bir sir-u, asrorlaring bor.
Afrosiyob, ko‘hna Kesh guvoh,
Kim tikmadi Shoshingga nigoh.
Tarix hukmi o‘zi bir saboq,
«Ogoh bo‘lgin, bo‘l doim ogoh».
Sarhadlarda sergak posbonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Istiqboling ko‘rolmaslar bor,
Holingni bir so‘rolmaslar bor.
«Do‘stman» deya, og‘ir damingda,
Kuningga bir yarolmaslar bor.
Sadag‘asi o‘ziga siylov,
Dushmanning eng kichigi ham yov.
Hurligingga ko‘z tikkanlarni,
Dodin bergin, bo‘lgin beayov.
Do‘stga do‘st-u, yovga yomonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
“Erkim” deding tiling kesildi,
Imkonlaring, qo‘ling kesildi.
Ne ajabki, hurlik zamonda,
Tanlaganing - yo‘ling to‘sildi.
Iymon daraxtiga o‘t tushdi,
Adolatning qo‘rg‘oni ko‘chdi.
Tadbirlining poyida tushov,
Nokaslarning “ketmoni uchdi”.
“Jasliq”larda to‘kilgan qonim,
Ona yurtim O‘zbekistonim.
Ko‘kda quyosh balqidi yana,
Turon zamin qalqidi yana.
Buyuk Amir Temurdan keyin,
Yurt hoqonga yolchidi yana.
Shijoati, g‘ayrati bo‘lak,
Suratiyu siyrati bo‘lak.
Qarog‘ida asrab, avaylab,
Tangi ato etgan Sheryurak.
Yuksalmoqda Shavkatim - shonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Muxbir ukam, o‘ng-u, so‘lga boq,
Ko‘priklar-u, ravon yo‘lga boq.
Qad ko‘tarar ko‘rkam binolar,
Qadamingda uchrar bog‘u-rog‘.
Inglizcha talaffuzingdan,
Soxta kulib turgan yuzingdan,
Bir ma’noni uqqanday bo‘ldim,
Bepisandroq boqqan ko‘zingdan,
Bo‘htonlardan boshi omonim,
Ona yurtim – O‘zbekistonim.
Buyuk eding - buyuk bo‘lib qol,
Seni kutar baxtli istiqbol.
Yuksaklarni quchganingda ham,
Sharqda mash’al, suyuk bo‘lib qol.
Jahon uzra noming yoyilsin,
Doim g‘olib shoning yoyilsin.
Qardoshlaring qatori to‘liq,
Dushmanlaring ko‘zi o‘yilsin.
O‘zing mening jon-u, jahonim,
Ona yurtim - O‘zbekistonim.
Porlayversin ko‘kda quyoshing,
Omon bo‘lsin shu aziz boshing.
Tinchlik, mehnat bo‘lsin shioring,
Yuz minglardan oshsa ham yoshing.
Gulla, yashna, iqboling kulsin,
Xirmonlaring hosilga to‘lsin.
Shu muqaddas, go‘zal zaminga,
Faqat fayz-u, barokat kelsin.
Balqir mening davru-davronim,
Ona yurtim – O‘zbekistonim.
Komil Sindarov
2005-2019 yillar