O‘zbekistonlik va ukrainalik juftlik Germaniyada oila qurdi
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi har bir inson hayotidagi muhim voqealardan biri nishonlanadigan maskanga aylanib, bu yerda Yevropada vaqtincha yashab kelayotgan yoki tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz nikohini qayd etish marosimlarini o‘tkazish tobora an’ana tusini olmoqda.
Elchixonaning konsullik bo‘limi fuqarolik munosabatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha keng vakolatlarga ega bo‘lib, xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy nikohlarini ham ro‘yxatga olmoqda. Berlinda joylashgan diplomatik vakolatxonamizning hashamatli binosi esa ushbu tantanalarni nishonlash uchun juda mos keladi.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, fuqarolarimiz va ular bilan turmush qurayotgan chet elliklar o‘zbek diplomatlarining samimiyati hamda ortiqcha rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymasligini qadrlashadi.
Germaniyada istiqomat qiladigan O‘zbekiston fuqarosi Shuhrat Xo‘jayev va Ukraina fuqarosi Anastasiya Babenko yaqinda o‘z munosabatlarini O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq elchixonamizda rasman qayd etdi.
Anastasiya Ukraina elchixonasida nikohni qayd etish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramasdan ushbu jarayonni aynan O‘zbekiston elchixonasida amalga oshirishni afzal ko‘rar ekan, bu yerda o‘zgacha mehr va samimiyatni his etganini alohida ta’kidladi.
Chexiya va Estoniya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Akmaliddin Alimov va Shahlo Alixonova ham nikohni mamlakatimizning Berlindagi elchixonada rasmiylashtirishga qaror qildi.
“Chexiyada tahsil ola turib, men O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi konsullik ro‘yxatida turaman. Barcha konsullik masalalarini, odatda, bu yerda tez va o‘z vaqtida hal qilib berishadi. Biz elchixonada nikohdan o‘tish imkoniyati mavjudligi haqida eshitgan edik. Bugun esa ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, bu yerda yaratilgan qulay shart-sharoitlardan mamnun bo‘ldik”, - deydi Shahlo.
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan keng ko‘lamli xizmat turlaridan biri bo‘lgan yosh oilalar nikohini qayd etish bugungi kunda tobora ommalashib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yurtdoshlarimiz Vatandan olisda bo‘lishiga qaramasdan, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanayotganliklarini anglatadi.