O‘zbekistonlik yoshlarni Suriyadagi terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilish uchun jo‘natib kelayotgan shaxs qo‘lga olindi
O‘zbekiston Respublikasi DXX, IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni yollab, Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan shaxsning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 1996 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan O.Xoshimov 2019 yilda Misr Arab Respublikasida o‘qishi davomida xalqaro terrorchilik tashkiloti rahnamolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, u yerga yurtimizdan diniy ta’lim olish maqsadida borgan yoshlar orasida o‘zining aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan hamda Suriya davlati hududida faoliyat olib borayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining safiga qo‘shilishga da’vat qilib, ularni yuborish bilan shug‘ullanib kelgan.
Ushlangan shaxsning uyali telefon apparati xotirasida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali saytlarda tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, aldanib qolmasliklari, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari hamda internet tarmog‘ida noxolis, tekshirilmagan va asossiz materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanmasliklari so‘raladi.
Kimda kim o‘zi yoki yaqinlari ushbu shaxsning ta’siriga tushgan yoki harakatlaridan jabrlangan bo‘lsa, eng yaqin bo‘lgan ichki ishlar organlariga yoki «102» telefon raqamiga murojaat qilishi mumkin.