O‘zbekistonning Birinchi Prezidentiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi

Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston xalqaro e’tirof yo‘lida” nomli fotoko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Fotoko‘rgazmaning ochilish marosimida bir qator diplomatik vakolatxonalar vakillari, ijodiy, ilmiy va jamoat vakillari, davlat tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova o‘zining kirish so‘zida O‘zbekistonning yangi tarixidagi muhim voqealar va davrlarni eslab, xalqaro maydonda O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishida Islom Karimovning o‘rni muhim ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ko‘rgazmada taqdim etilgan fotosuratlar O‘zbekistonning xalqaro maydonda rivojlanishi va shakllanish tarixini aks ettiradi. Bu 100 dan ortiq tarixiy fotosuratlar bo‘lib, ular O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tan olinishi yo‘lidagi izchil ishlarni aks ettiradi.
Fotosuratlarda Islom Abdug‘aniyevichning xorijiy davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosiy va jamoat arboblari bilan uchrashuvlari, turli xalqaro tadbirlarda uning muhim nutq so‘zlagani aks etgan.