O‘zbekistonning Luvr ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan ilmiy katalog chop etildi

Parij shahrining Luvr muzeyidagi keng miqyosli “O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli ko‘rgazma doirasida “El Viso Ediciones” nashriyot uyi bilan hamkorlikda Rokko Rante va Yannik Lintz umumiy muharrirligi hamda Monik Burezi ko‘magida suratlarga boy fransuz va o‘zbek tillarida katalog chop etildi.

Katalogga 37 nafar taniqli mahalliy va xorijiy olimlarning qadimiy madaniy arxeologik yodgorliklari, madaniy qadriyatlar hamda miloddan avvalgi III asrdan Temuriylar davrigacha bo‘lgan tarixga taalluqli 60 dan ortiq ilmiy maqolalari kiritildi. Maqolalarda zamonaviy O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan tamaddunlar hayotida tijoriy va madaniy almashinuvlarning ahamiyati va tutgan o‘rniga oid tafsilotlar ochib berilgan.
O‘zbek tilidagi matnlar ustida mamlakatimizning fan, madaniyat, san’at, arxeologiya, tarix va tilshunoslik sohasi vakillari – M.Abdullayev, B.Abduhalimov, A.Bozorboyev, J.Ilyosov, Sh.Minovarov, J.Ostonov, Sh.Pidayev, Ye.Rtveladze, X.Fayziyev va boshqalar mehnat qildi.