«O‘zbeklar tekkesi» nima?
Bugun sizlarga Istambuldagi «O‘zbeklar tekkesi» haqida hikoya qilib bermoqchiman. Albatta, boshqa davlatga borsang-u, o‘z millating nomi bilan bog‘liq joy haqida eshitsang, borib ko‘rmaslik ayb. Biz ham «O‘zbeklar tekkesi»ni ziyorat qildik...
«Tekke» nima degani?
Tekke so‘zi turkchadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinsa, “Darveshlar uyi” degan ma’noni beradi. Ammo bu so‘z islohda o‘zimizning ham tilimizda bo‘lgan, takyaxona, musofirxona degan atamalarga mos keladi.
Haqiqatan ham «O‘zbeklar tekkesi» Istambulda xuddi shu maqsadda qurilgan va xizmat qilgan. Ya’ni, bu musofirxona Markaziy Osiyodan muborak Haj safariga yo‘l olganlar, ko‘p zamonlar Istanbul orqali Makkaga borganlar va mana shu musofirxonada jam bo‘lgan. Ular o‘sha zamonlarda Islom dunyosi xalifasi hisoblangan Turk sultonini ziyorat qilish uchun Ayub Sulton masjidiga borib, u yerda xalifaning sovg‘a-salomlarini olib, so‘ngra Haj safariga jo‘naganlar. Hajdan oldin xalifani ziyorat qilish Haj odobi sanalgan.
Ma’lumot uchun aytmoqchimanki, turli davrlarda Turkiyaning Istambuldan tashqari Izmir, Adana kabi shaharlarida ham ana shunday musofirxonalar o‘zbek sarmoyadorlari yoki turk hukumati tomonidan qurilgan va ular turli sabablar, savdo-sotiq, Haj ziyorati, ijtimoiy to‘qnashuvlar va xalq qo‘zg‘olonlari kabi omillar tufayli yoki tirikchilik sababli o‘z asl vatanlaridan uzoqlashgan yurtdoshlarimizga boshpana bo‘lib xizmat qilgan. Bu musofirxonalar turli zamonlarda «O‘zbeklar tekkesi», «Buxoro o‘zbeklari tekkesi», «Turkistonlik o‘zbeklar tekkesi» kabi nomlar bilan atalgan.
Ozgina tarixdan so‘z
«O‘zbeklar tekkesi» tom ma’noda milliy o‘zlikni saqlash markazlaridir. O‘rta asr an’analarini saqlab qolgan Usmoniylar saltanati XVII–XVIII asrlarda ham Yevropa, Osiyo, Afrika qit’alarida o‘nlab davlatlarni o‘zida birlashtirgan edi. Arabiston yarim oroli (Hijoz, Makka, Madina) ham Usmoniy sultonlar izmida bo‘lib, O‘rta Osiyo xonliklaridan Makka va Madina haji ziyoratiga chiqqanlar saltanat poytaxti Istanbul orqali o‘tib qaytgan. Ular xalifa izdoshi hisoblangan Turk sultonidan ruxsat olib, uning panohida Haj arkonlarini bajarganlar. Istanbulgacha yetib kelgan ziyoratchilar, shayx va ulamolar, ularning shogirdlari bir necha kun yotib qoladigan bino – tekke deb atalgan.
Tekkelarda keyinchalik Xoja Bahouddin Naqshband sulukiga kirgan shayxlar, ularning muridlari xonlar ta’qibidan qochib kelib, muqim yashab qolganlar. Muhojir o‘zbeklarning asosiy yashash joyi bo‘lgan tekkelarda ayrim oilalar o‘rnashgan va keyinchalik uy-joy qilib, ko%2