«O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi AYoQShlarda barcha markali avtobenzin yetarli va ularning narxi oshirilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “AI-80" rusumli benzin yo‘q deb qimmat benzinlarni sotishayotgan ekan” mazmunidagi xabarlar e’lon qilinmoqda.

Ushbu xabarlarga asosan Energetika vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi:

"Hozirgi kunda «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi AYoQShlarda AI-80 rusumli avtobenzinning narxi oshirilmagan va uning 1 litri 6 800 so‘mligicha saqlanib qolmoqda. Shuningdek, AI-92 markali avtobenzin 9500 so‘mdan va AI-95 markali avtobenzin 10 500 so‘mdan sotilmoqda.

Bugungi kunda respublika neftni qayta ishlash zavodlarida sutkasida 4 000 tonnadan avtobenzin ishlab chiqarilib, birja savdolari orqali iste’molchilar ehtiyojlari uchun yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, avtobenzin zaxirasi yetarli ekanligini ma’lum qilamiz.

Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha avtobenzin importi amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yil boshidan bir oyda o‘rtacha 10 ming tonna avtobenzin import qilinmoqda.

Bundan tashqari, xomashyo importi hajmlarini oshirish hisobiga avtobenzin ishlab chiqarish va birja savdolariga qo‘yib borilayotgan avtobenzin hajmlarini oshirish choralari ko‘rilmoqda".