“O‘zbekneftgaz”: Jahonda ilk bor “Uzbekistan GTL” zavodida tabiiy gazdan sintez qilish yo‘li bilan sintetik aviakerosin ishlab chiqarildi

"Gazni – suyuqlikka" texnologiyasi asosida dunyodagi yetakchi zavodlardan biri bo‘lgan “Uzbekistan GTL”da yana bir yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarilishiga start berildi.

Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tarixida ilk bor, “Uzbekistan GTL” zavodida xalqaro standart (ASTM D-7566) va texnik talablariga mos bo‘lgan sintetik aviakerosin mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik kerosinining birinchi partiyasi namunasi olinib, xalqaro aviasohani tartibga soluvchi tashkilot (IATA) tavsiyasiga ko‘ra, muvofiqlik sertifikatini olish uchun SGS kompaniyasining Estoniya, Belgiya va Fransiyadagi laboratoriyalariga tahlil va tegishli xulosa olish uchun yuborildi.

Boshqaruv raisi avvalo joriy yilning 15 iyun kuni “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston tarixida birinchi sintetik nefti, 2022 yil 29 iyun kuni O‘zbekiston neft-kimyo sanoati tarixida ilk bor sintetik dizel, keyinchalik “GTL” sintetik naftasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, mutaxassislarning yana bir izlanishi samara berganini hamda tabiiy gazdan sintez qilish yo‘li bilan Jahon tarixida ilk bor sintetik aviakerosin ishlab chiqarilganini rasman ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, sintetik aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oshirish, xalqaro standart (ASTM D-7566) hamda texnik talablarga rioya qilgan holda sintetik aviakerosin ishlab chiqarilishini nazorat qilish rejasi ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Uzbekistan GTL” majmuasida yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xom ashyolari ishlab chiqarilish rejalashtirilgan.