“O‘zbektelekom” transformatsiya qilinadi, uning operatsion xarajatlari va tannarxi 15 foizga qisqaradi
Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda oldinroq “O‘zbektelekom” AKning daromadlari va samaradorligi boshqa mamlakatlar kommunikatsiya kompaniyalaridan ancha past ekani aytilgandi.
Prezident o‘z so‘zida mazkur kompaniya bo‘yicha fikrlarini davom ettirdi:
“O‘zbektelekom” jahonning nufuzli aloqa kompaniyalariga o‘xshab, davlatga yuqori daromad keltiruvchi, sifatli xizmatlarni eksport qiluvchi, yuqori texnologik, daromadli va namunali kompaniya bo‘lishi kerak”, dedi Prezident.
Joriy yilda kompaniyaning operatsion xarajatlari va tannarxini 15 foizga qisqartirish, iyul oyida xalqaro reyting olishini ta’minlash va kelgusi yil martda kompaniyani IPOga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda hozirgi murakkab vaziyatda kiberxavfsizlik masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yil birinchi chorakning o‘zida axborot tizimlariga chetdan 200 tadan ortiq kiberhujum uyushtirilgan.
“Shuning uchun bugun kiberxavfsizlik to‘g‘risida Qonunni imzoladim. Bu yangi qonun hozirgi zamon tahdidlariga qarshi kurashish uchun huquqiy asos bo‘ladi”, dedi Prezident.