O‘zimizga befarqlikdan qachon qutulamiz?

Shunday yuqumli kasalliklar borki, ular o‘z vaqtida davolanmasa, onkologik xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Mutasaddilarning aytishlaricha, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilayapti, yirik mablag‘lar sarf etilayapti. Ammo... muammo nimada?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi.

Tug‘ish yoshidagi ayollar orasida kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni har 100 ming nafar ayoldan 11 nafarida uchraydi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, KOFIH fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Virussologiya ilmiy tadqiqot instituti tomonidan “Onkologik kasalliklarni oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumanida shu masalalar yuzasidan fikrlashildi.

- Ayollarga bachadon bo‘yni saratoniga chalinmasliklari uchun 25-49 yosh davrlarida har 3 yilda, 50-64 yosh davrlarida esa har 5 yilda skrining tekshiruvlaridan o‘tib turishlarini tavsiya etadi, - deydi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti vakili Ra’no Qosimova. - Qizlarni kelajakda bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan saqlash uchun esa ularni 9-14 yosh davrida odam papilloma virusiga qarshi emlash lozim.

Shuningdek, gepatit V hamda S virusi bilan kasallanishning oqibatlari ham onkologik xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Butunjahon gepatit alyansining 2021 yil iyul oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa  OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir. Bugun yurtimizda ushbu xavfli kasallikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.

Mazkur qarorda virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish borasida bir qator muhim vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda yurtimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tashkil etildi. 2024 yilning yarim yili davomida respublika hududlarida  1 059 083 nafar aholi gepatit V va S turlariga tekshirildi. Ulardan 32 203 nafarida surunkali virusli gepatit V va 35 200  nafarida virusli gepatit S aniqlandi. Skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning S turi tasdiqlangan 6230 nafar bemorlarni davolash o‘tkazish maqsadida virusga qarshi dori vositalarining Sofosbuvir va Daklatosvir dori vositalari tarqatildi.

Anjumanda bu kabi skrining tekshiruvlari respublika bo‘ylab bepul amalga oshirilayotgani, afsuski, aholining aksariyat qismi bundan bexabar ekanligi aytildi.-Nafaqat gepatit, balki bugun ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik xastaliklar ichida ko‘krak bezi saratonining oldini olish maqsadida ham mana bir necha yildirki, doimiy ravishda skrininglar o‘tkazilmoqda, - deydi respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali rahbari Firdavs O‘lmasov. – Bu muammoning oldini olish bo‘yicha davlatimiz tomonidan juda katta miqdorda mablag‘ sarflanayapti, eng zamonaviy apparaturalar keltirilmoqda. Birgina shu yilning o‘zida filialimizga 6,5 million dollalik zamonaviy tibbiy jihozlar keltirildi. Ko‘chma mammografiya esa soha xodimlari uzoq yillar orzu qilgan uskuna. U orqali aholini joyida tekshiruvdan o‘tkazish va kasallikni erta bosqichlarda aniqlash imkoniyati mavjud. Afsuski, eng olis qishloq hududlariga borganimizda, odamlarni tekshiruvga chaqirib kelishni o‘zi muammo bo‘layapti. O‘z salomatligiga nisbatan befarqlikdan qachon qutulamiz? Axir klinikamizga kelayotgan bemorlarning 53 foizi xastalikning uch yo to‘rtinchi bosqichida bizga murojaat etayapti. Vaholanki, shu tashxis erta bosqichlarda aniqlansa, bemorning sog‘ayib ketish imkoniyati ancha yuqori, to‘g‘rirog‘i u to‘la sog‘lom hayotga qaytishi mumkin. Onkologik kasal bemor nafaqat davlatga, balki oilasiga, o‘z hayot tarziga jiddiy zarar keltiradi. O‘z salomatligini, afsuski, ko‘p hollarda aziz umrini ham boy berib qo‘yayapti.

Aslida har qanday kasallikni erta bosqichda aniqlash bemor hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ba’zi davlatlarda esa fuqarolar o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmasayu, vaqti kelib xastalikka chalinsa, uning davolanishi to‘liq o‘zining gardanida qoladi va juda qimmatga tushadi. Kech qolganingizda esa salomatlikni ham sotib ololmaysiz.

Gulruh MO‘MINOVA.