O‘zini blogerman, deb tanishtirib tovlamachilik qilgan shaxs qo‘lga olindi

Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda. Qayd etilishicha, Samarqand shahrida joylashgan avtomobillarni ta’mirlash korxonasi rahbari O‘.D. viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, yoshi taxminan 25-30 yoshlarda bo‘lgan o‘zini “Farrux” blogerman deb tanishtirgan shaxs ustaxona ustidan arizalar yozib, uni tinch qo‘ymasligini aytib, 3 million so‘m pul talab qilayotganini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, 1992 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar Maxtumquli ko‘chasida yashovchi F.S. tinch qo‘yish evaziga ariza muallifidan 2 million so‘m pulni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.  

Surishtiruv davomida ushbu shaxs bu kabi holatlarni boshqa fuqarolarga nisbatan ham sodir qilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan F.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan.