O‘zLiDeP: sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish tarafdorimiz
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning urgutlik tadbirkor, yirik kompaniyalar vakillari hamda ishbilarmonlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov partiyaning saylovoldi dasturi bilan tanishtirib, bu yilgi saylovda “Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” degan maqsad bilan ishtirok etilayotgani, buning uchun 5 maqsad, 500 vazifadan iborat saylovoldi dasturi qabul qilinib, ushbu dastur Prezidentimizning “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlari asosida olib borilayotganini ta’kidladi.
- Saylovoldi dasturimizda belgilangan "Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish" borasida loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz, - dedi A.Hayitov. - Jumladan, raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish, "Chip sanoati", sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish masalalari partiyamizning diqqat markazida bo‘ladi. Shuningdek, kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarimizga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratamiz. Salohiyatli tadbirkorlarga kichik va yoshlar sanoat zonalaridan 10 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan yer ajratishni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.
Uchrashuvda partiya saylovoldi dasturidagi boshqa muhim vazifalarga ham e’tibor qaratilib, ishtirokchilar 27 oktyabr kuni bo‘ladigan saylovda O‘zLiDeP uchun ovoz berishga chaqirildi.