O‘zLiDePning XI s’yezdiga Samarqanddan delegatlar saylandi
Joriy yil 9 iyul kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu muhim siyosiy tadbirga O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP Samarqand viloyat hududiy partiya tashkilotining navbatdagi konferensiyasida aynan saylov jarayoni bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Hozirda viloyatda 119 ming 340 nafardan ziyod partiya a’zolarini o‘zida jamlagan 1368 ta partiya boshlang‘ich tashkiloti mavjud. Boshlang‘ich tashkilotlari hamda quyi kengashlardagi partiya faollari bilan birgalikda bo‘lajak saylovga tayyorgarlik bilan bog‘liq tadbirlarga kirishildi. Bu borada joylarda partiya kengashlarida saylovoldi shtablari tuzilib, ular faoliyatining tashkiliy texnik masalalari hal etildi. Viloyat partiya tashkilotida jamoatchilik qabulxonasi ish boshladi.
Siyosiy jarayonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, partiya g‘oyalarini keng aholi orasida targ‘ib qilish, faollar sonini yanada ko‘paytirish, saylovga oid barcha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini samarali tashkil etish borasidagi galdagi vazifalar belgilab olindi.
Konferensiyada O‘zLiDeP Samarqand viloyat partiya tashkilotidan partiyaning XI s’yezdiga delegatlar saylash masalasi ko‘rib chiqildi va ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Nasiba Mo‘minova.