Parij-2024: Bugun samarqandlik bokschi qizlarimiz jang qiladi
Nigina O‘ktamova 2003 yil ishtixon tumanida tug‘ilgan. 2019 yildan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga jalb qilingan. Murabbiyi Azim Xudoyqulov. N.O‘ktamova o‘zbek bokschi qizlari orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchi hisoblanadi. U 2021 yil Polshada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2021 yil U-20, 2023 yil U-23 yosh toifalarida Osiyo chempionatlarida chempionligiga erishgan. 2021 yil «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» deya e’tirof etilgan. Xalqaro maydonda ko‘rsatgan natijalari uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Sitora Turdibekova 2002 yil 20 may kuni Bulung‘ur tumanida tavallud topgan. 2019 yildan milliy terma jamoa a’zosi. Murabbiyi Sharif Narziqulov. Sitora 2021 yil kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2022 yil Toshkentda o‘tgan U-22 qit’a birinchiligida bronza, 2023 yil Bangkok mezbonlik qilgan ayni shu toifadagi chempionatda esa kumush medal sohibiga aylangan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Parij olimpiadasida Sitora Turdibekova 57 kg. vazn toifasida bugun soat 16:00 da Marselat Sakobi Matshu (Kongo)ga qarshi, Nigina O‘ktamova esa 54 kg. vazn toifasida 19:50 da Cholmi Pang (KXDR)ga qarshi jang qiladi.