Parij turistik kompaniyalari assotsiatsiyasining yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkaziladi

Joriy yilning 22 fevral kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda berilgan topshiriqlar asosida O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi Parijdagi turistik kompaniyalar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda assotsiatsiyaning navbatdagi yillik yig‘ilishini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Ushbu kelishuv asosida Parijdagi turistik kompaniyalarning 100 nafardan ortiq rahbar va mas’ul xodimlarining yurtimizga tashrifi uyushtirildi.

Samarqand xalqaro aeroportida mehmonlarni Samarqand shahar hokimi F.Rahimov boshchiligidagi rasmiylar tantanali kutib oldi.

Shahar hokimi mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, assotsiatsiyaning navbatdagi yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashi va buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Samarqand shahar hokimligi va shahardagi sayyohlik  firmalari Parij shahri bilan turizm sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Ilye de France assotsiatsiyasi prezidenti Lionel de Robiye Fransiyadagi sayyohlik kompaniyalarining O‘zbekistonga mazkur tashrifi davlatlarimiz o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu borada yangi istiqbollar ochishga xizmat qilishini qayd etdi. Kutib olish marosimining yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

 – Samarqand qadimiy Buyuk ipak yo‘lining markazi, mo‘’jizaviy shahar, – deydi Lionel de Robiye. – Bu shaharga kelish va uning go‘zalligidan bahramand bo‘lish har bir fransuzning orzusi hisoblanadi. Shuning uchun bugun Samarqandga Fransiyadagi eng yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari tashrif buyurib, bu yerdagi turizm industriyasi ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish niyatida. Assotsiatsiyamizning navbatdagi yig‘ilishini ushbu tarixiy shaharda o‘tkazish esa biz uchun ulkan sharaf.

Tashrif davomida assotsiatsiyaning yig‘ilishi o‘tkazilishi borabarida Samarqand shahridagi turistik ob’yektlarga sayohat, Samarqand va Jizzax viloyatlarining turizm imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlari, mahalliy turistik firma va kompaniyalar vakillarining fransuz hamkasblari bilan uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mehmonlar 2 aprel kuni Buxoro shahriga sayohat qiladi.

 

G‘.HASANOV