Parlament deputati saylovchilarning qaysi muammolarini hal qilib berdi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G‘ayrat Abdiyev ushbu savolga javoban bir qator masalalarni aytib o‘tdi. Avvalroq Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan suhbatdoshimiz qonunchilikka takliflari va parlament faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ham to‘xtaldi.

- Deputatlik mansab yoki lavozim emas, bu - mas’uliyat. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida partiya fraksiyalari faoliyat yuritadi. Men tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi sifatida faoliyat olib boryapman. 20 yilga yaqin faoliyatim davomida oddiy o‘qituvchilikdan viloyat darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishladim. Shu ma’noda xalqimiz, xususan, Samarqand, o‘zim tug‘ilib-o‘sgan va saylangan hudud – Urgut tumanidagi odamlarni qiynab kelayotgan muammolar, joylarda yechimini kutib turgan masalalar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yaxshi bilaman. Bularning barchasi, ya’ni to‘plangan tajriba deputatlik faoliyatimda qo‘l kelmoqda.

- Joylardagi vaziyatni yaxshi bilaman, deyapsiz. Aytingchi, 9-10 oylik deputatlik faoliyatingiz mobaynida saylovchilaringizning qanday aniq muammolarini hal qilib beroldingiz?

- Nafaqat saylovchilarim, balki butun yurtdoshlarimizning qandaydir muammolari bo‘lsa uning yechimi bo‘yicha mas’ullarga deputatlik so‘rovi yuborish, qonunlarga taklif kiritish orqali amaliy yordam berishga harakat qilib kelyapman.

Koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida respublika ishchi guruhi tuzildi. Guruh rahbari sifatida Samarqand viloyatining barcha tumanlarida mas’ullar va albatta, keng jamoatchilik, xususan, tomorqachilar o‘rtasida suhbat-monitoring, tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bordik.

Bu vaqtda Toyloq tumanida 300 tonnadan ortiq sabzi yetishtirilgani, karantin choralari sababli uni bozorda sotish muammo bo‘lib turgani aniqlandi. Ushbu masala bo‘yicha mutasaddilarga murojaat qilib, tayyor sabzini aholidan bir kunda bozor narxida sotib olinishini tashkil qildik.

Bundan tashqari, Urgut tumani Pochvon, Qaynarbuloq mahallalari aholisi bir necha yillardan buyon maktabni kapital ta’mirlash va qo‘shimcha binoga ehtiyoj borligi haqida murojaat qilib kelardi. Bu borada tegishli idoralarga taklif berilib, mahallalar o‘quvchilari yangi, zamonaviy binoda o‘qishlari uchun sharoit yaratildi.

Yo‘l, elektr energiyasi, suyultirilgan gaz, ichimlik suv ta’minoti, fermerlik, tomorqa yerlari, tibbiy xizmat, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘yicha ham ijobiy yechimini topgan ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

- Parlament quyi palatasi deputati sifatida qaysi tashkilotlar faoliyati sizda salbiy taassurot qoldirdi. Nima uchun?

- Joylarda odamlar bilan uchrashuvlarda qaysidir sohada ko‘p muammoga duch kelsak shu soha vazirligini eshitish taklifini kiritamiz. Shu asosda tizim rahbari amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida Parlamentga hisob beradi. Misol uchun, 12 oktyabr kuni qo‘mitamizda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning tizimda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini eshitdik.

Hozir mana bu tizimda ish yaxshi emas, deyishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin aytish mumkinki, jamiyat hayotining barcha sohalarida qilinadigan ishlar ko‘p. Shu bois, joylardagi o‘rganishlar, saylovchilarning murojaatlaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi hamda vazirliklarga tegishli takliflar kiritilmoqda. Ya’ni, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati faoliyatida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida Siz tomoningizdan bildirilgan qanday takliflar qonunlarda, balki loyihada o‘z aksini topdi?

- Faoliyatimiz professional tarzda qonun ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. Ya’ni, hech bir qonun loyihasi biz, parlament deputatlari muhokamasidan o‘tmasdan qabul qilinmaydi. Shu bois, o‘tgan davr mobaynida qonun loyihalari bo‘yicha bildirgan takliflar emas, ayni paytdagi ishlarga to‘xtalsam. Xabaringiz bor, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash tizimiga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda. Shaxsan o‘zim parlamentning tegishli qo‘mitasiga ta’limga oid bir nechta takliflar kiritganman. Albatta, sog‘liqni saqlash borasida ham tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirish bo‘yicha fikrlarim bor.

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.