Past Darg‘om tumani Mehnat mahalla aholisiga suv kerak, va’da emas

Joriy yilning 31 mart kuni viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev, sektor hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etib, aholidan tushgan murojaatlarga javob qaytargan edi.

 Xo‘sh, qariyb o‘tgan ellik kun muddat davomida nechta fuqaroning murojaatiga yechim topildi?

Tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, aholidan “Ochiq muloqot” ko‘rsatuviga 97 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 54 tasi ijobiy hal qilinib, 38 fuqaroga tushuntirish berilgan. Ayni paytda, bittagina murojaat o‘rganilib, uni bartaraf etish harakati ketmoqda. Qolganlari esa minnatdorchilik murojaatlaridir.

Murojaatchilarning muammosiga nega yechim yo‘q?

Ayrim murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘landik. Biroq biz muammolari bilan qiziqqan  fuqarolar (muammosi hal etildi, deya ma’lumot berilgan)ning aksariyati murojaatlari qog‘ozda qolib ketgani va mutasaddilar dalolatnoma tuzish bilangina kifoyalanayotganini bildirdi.

Darvoqe, 50 yil oldin o‘rnatilgan suv nasosi eskirib, 2 yildan buyon tomorqalarini sug‘orishning imkoni bo‘lmagani sababli hosil ololmayotgan va katta qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazayotgan Mehnat mahallasida yashovchi Sayfullo Mardiyev “Ochiq muloqot”ga xalq nomidan murojaat qilgandi. Tuman rahbari esa ko‘rsatuvning o‘zida mazkur holatni joyida o‘rganib, tez fursatda ijobiy yechim topishga va’da bergan edi. Ammo natija bo‘lavermagach, S.Mardiyev tahririyatimizga shu masala bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qildi. Biz bu muammoga oydinlik kiritish maqsadida uni joyida o‘rgandik.

Aholini qoniqtirmagan xat kimga kerak?

Tuman hokimligi mutasaddilari bilan uchrashganimizda ular bu murojaatchining muammosi bo‘yicha tushuntirish berilganini aytib, tuman rahbari nomidan S.Mardiyevga yozilgan xatni qo‘limizga tutqazdi. Xatning qisqacha mazmuni shunday:

 “...O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tumanda aholi tomorqalarida ixcham issiqxonalar qurish va suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha artezian quduqlari qazish uchun 8 foizli imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Tumandagi Mehnat  mahallasidagi suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan aholi xonadonlari artezian qazish uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘laridan olib, suv ta’minotini yaxshilashda foydalanishi mumkinligini ma’lum qilaman.”

 Past Darg‘om tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham S.Mardiyevning murojaatini o‘rganib chiqqanini bildirib, xuddi shu mazmundagi “yechim” xatini tuman rahbari nomiga yo‘llagan. Bu masalada Past Darg‘om tumani irrigatsiya bo‘limidan ham tayinli javob chiqmadi. Mazkur tashkilot tomonidan tuman hokimining o‘rinbosari X.Bo‘riyev nomiga (xatda shunday ko‘rsatilgan) yo‘llangan xatda shunday deyiladi:

Mehnat mahallasi fuqarolarini “Ochiq muloqot” dagi murojaatiga asosan Past Darg‘om tuman irrigatsiya bo‘limi mutaxassislari ishtirokida joyida o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qiladi.

... ichki nasos stansiyasini ta’mirlash uchun ketadigan mablag‘ Mehnat MFY fuqarolari tomonidan amalga oshiriladi. Ichki nasosni ta’mirlash uchun sarflanadigan mablag‘ Mehnat MFY a’zolari tomonidan yig‘ilib, so‘ng “Videl-5” yangi kanaliga belgilangan tartibda suv chiqargich o‘rnatiladi.”

Xullas, xatlardan ma’lumki, mazkur murojaatga vijdonan yondashmagan. Yo‘qsa, vaziyat yaxshilab o‘rganib chiqilardi va imkon qadar muammoga yechim topishga harakat qilinardi. Tuman rahbari Shunqor Xudoyberdiyev va mas’ul bayon qilganidek aholi kredit olish yoki pul yig‘ib, bu masalani hal qilish haqida o‘ylab ko‘rmagan, deysizmi? Yo‘q!!!

 Mehnatliklar yashashi uchun suv kerak, qog‘oz emas

– Mahallada mazkur suv chiqargich nasos orqali 350 ga yaqin xo‘jalik foydalanib keldi, – deydi mahalla raisi Asqad Rajabov. – Ular orasida kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham bor.  Muammoni o‘zimiz hal qilish haqida o‘ylab ko‘rdik, biroq aholida yig‘adigan pul yo‘q va kredit olish orqali ham ko‘zlangan maqsadga erisholmaymiz. Chunki, suv nasosi va 450-500 metrlik quvurlar uchun 100 million so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘ kerak. Bu katta summa. Kreditni to‘lash ham ikkinchi muammoni yuzaga keltirib chiqarishi aniq.

Mana uch yildirki, Mehnat mahallasiga suv kelmayotgani bois aholi tomorqalari suvsizlikdan qaqrab ketgan, ekin maydonlari bo‘sh yotibdi. Shuningdek, aksariyat xonadonlarda mevali daraxtlarning qurib qolganiga guvoh bo‘ldik. Mahalla hududidan katta suv oqib o‘tyapti, lekin uni chiqarib beradigan nasos va suv quvurlari chirib, mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgan. Suv nasosi bilan shug‘ullanadigan ustaning aytishicha, mazkur qurilma 50 yil davomida xizmatini o‘tab bo‘lgan va uni ta’mirlashning imkoni yo‘q.   

– Mahallada ishlab chiqarish yo‘qligi yetmaganday bir necha yildan buyon suvning ham uzilib qolgani aholini ancha qashshoqlashtirib qo‘ydi, – dedi Sayfullo Mardiyev. – Tomorqadan daromad qilishning imkoni bo‘lmagani uchun farzandlarimiz, xotin-qizlarimiz boshqa joylarga borib mardikorlik qilib kelishyapti. Haliyam mahallaning bir-ikki joyida bo‘lsa-da, ichimlik suvi bor, tashib ichamiz. Yo‘qsa, umuman, yashashning imkoni bo‘lmay qolardi. Qaniydi, shu muammoni hal qilib beradigan odam topilsa. To‘g‘risi, juda ko‘p joyga qilgan murojaatlarimiz besamar ketayotgani bois kimdan umid qilishni ham bilmay qoldik!

Ochig‘i, bunday sharoitda yashayotgan insonlarni ko‘rib, ularning holini bila turib, beparvo bo‘lib ketish oson emas. Biroq o‘n va undan ko‘p martalab qilinayotgan murojaatga “Shikoyat yopilsa bo‘ldi” qabilida ish ko‘radigan mutasaddi tashkilot rahbarlarining vijdoni uyg‘onsa yaxshi bo‘lardi.

Abdujabbor Po‘latov,

“Zarafshon” muxbiri.