Past Darg‘omda uy egasi va ijarachi o‘rtasida janjal kelib chiqqan
Ijtimoiy tarmoqlarda “2 nafar qizi bor hamshira ayolni urib sudrashgani aks etgan video tarqaldi” sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan ma’lumot berildi.
Tasvirlardagi holat 2021 yil 5 fevral kuni Past Darg‘om tumanida sodir bo‘lgan. Kelishmovchilik, tumanning Bog‘ishamol mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro X.D. hamda uning Alisher Navoiy mahallasidagi uyida ijarada yashab kelayotgan, 1983 yilda tug‘ilgan B.S.lar o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Fuqaro X.D ushbu uyni boshqa bir kishiga sotayotganligi sababli, ijarachidan uyidan chiqishini so‘ragan. B.S. esa ushbu xonadonning ijara pulini mart oyiga qadar to‘lab qo‘yganligini, shu sababli uydan chiqmasligini aytgan. Oqibatda janjal yuzaga kelgan va fuqaro B.S. tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudiga taqdim etilgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.