Past Darg‘omdagi mudhish qotillik viloyat IIB boshlig‘i ishtirokida muhokama qilindi
Past Darg‘om tumani Chortut mahallasida mudhish qotillik yuz berdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov ishtirokida mazkur qotillik muhokamasi atroflicha tahlil qilindi. Unda tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik vakillari mahalla ahli ishtirok etdi.
Amakivachchalarning o‘zaro kelishmovchiligi pichoqbozlikka aylanib ketadi. Oqibatda biri hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Yoshlar masalalari har vaqt ham davlat va jamiyat uchun muhim hisoblangan. Ertamiz egalarining fe’l-atvori, bilimi va dunyoqarashi, jamiyatda tutgan o‘rni, eng asosiysi kelajagi hech birimizni befarq qoldirmasligi lozim. Yoshlar jinoyatchiligini oldini olishda bir musht bo‘lib ishlamasak natija bo‘lmaydi. Nima uchun keyingi vaqtlarda yoshlar jinoyatchiligi ortdi? Uning sabablari tahlil qilinganda, aksariyati yoshlarning kasb-hunar o‘rganmasdan, ta’lim olmasdan bekor yurishganidan. Agar yoshlar ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqida qat’iy nazorat bo‘lsa jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga erishamiz, - dedi boshqarma boshlig‘i.
Shuningdek, mahallada nuroniylarning roli va ta’sirchanligini oshirish, oilada ota-onalar mas’uliyatini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Mahalla beshligiga har bir oilani atroflicha o‘rganish, ularning muammo va masalalariga befarq bo‘lmaslik lozimligi ta’kidlandi. Bu boradagi fikr-mulohazalar eshitildi.