Pastdarg‘omlik Diyora Kediyorova jahon chempionatida oltin medalga ega chiqdi
Parijda davom etayotgan dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatining birinchi kungi bellashuvlari vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Tokio olimpiadasi ishtirokchisi Diyora Keldiyorova 52 kilogramm vazn toifasida yarim finalda Fransiya vakilasi Cheyenne Muniyerni, finalda esa yana bir fransuz dzyudochisi Juliye Veyll Dit Moreyni yengib, oltin medalga ega chiqdi.
Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi bahsning 60 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Dilshodbek Baratov ham Parijga bekorga kelmaganligini namoyish etdi. Saralash bellashuvlarida avstriyalik Daniel Leutgeb, eronlik Muhammad Huseynni tamoshabinlar safiga kuzatib qo‘yishga erishdi. Oltin medal uchun o‘tkazilgan murosasiz kurashda fransiyalik Jolan Florimontdan ustun keldi va harbiylar o‘rtasida jahon chempioni nomiga sazovor bo‘ldi.
Har ikkala sportchimizning g‘alabasi sharafiga Parij sport maydonida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarildi.
Musobaqaning navbatdagi bahslarida o‘z vaznlarida qatnashgan Shavkat Saitqulov, Artyom Shturbabin, Obidxon No‘monov hamda Shukurjon Aminovaga Parij tatamilarida omad kulib boqmadi. Shunday bo‘lsa-da, ularning xalqaro musobaqalar ko‘nikmasi shakllanganligi muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 31 oktyabr kungi bellashuvlarda O‘zbekiston dzyudo sport turining yorqin vakili, Tokio olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov ham jahon chempionatidagi ishtirokini boshlaydi.
O‘zA.