Pastdarg‘omlik va Samarqand tumanida yashovchi yoshlarni nimalar qiynayapti?
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov ishtirokida Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da ana shu savollarga javob izlandi.
Uchrashuvda yoshlar imtiyozli kreditlar olish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, tibbiy ko‘rik, sport anjomlari va sport maydonchalari qurish, IT va o‘quv markazlari tashkil qilish, shuningdek, o‘zlari yashayotgan hududda ichimlik suvi hamda elektr energiyasidagi muammolar yuzasidan murojaat qildi.
Jumladan, Past Darg‘om tumani Qozoq Nayman mahallasi yoshlari shug‘ullanish uchun sport anjomlari so‘radi va boshqarma boshlig‘i buni shaxsan o‘zi yetkazib berishini va’da qildi. Istiqlol mahallasi yoshlar yetakchisi I.Mahmudova esa tumanda rassomlikka ixtisoslashgan markaz tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. Bu masalani hal qilish yuzasidan tuman mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
- Mahallamizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kompyuter markazi ochishda va subsidiya asosida kompyuter jihozlari olishda amaliy yordam so‘radim, - deydi Samarqand tumani Konigil mahallasida yashovchi Lazizjon Islomov. - Taklifim ma’qullandi va umumta’lim maktablarida ham mazkur o‘quv markazi faoliyatini yuritish, buning uchun professional IT va ingliz tili o‘qituvchilarini jalb qilish qo‘llab-quvvatlandi.
Rahbarlar uchrashuvga kelgan yoshlarning murojaat va takliflarini eshitdi. Har bir murojaat e’tiborga olinib, yoshlarni qiynab kelayotgan masalalarga tegishli idoralar mas’ullari bilan birgalikda yechim topildi va aniq vazifalar berildi.