Patronat (tutingan) oila qanday tashkil etiladi?

Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyalash (patronat)ga olishning huquqiy mehanizmlari O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 171-sonli qarorining 3-ilovasi bilan tasqdilangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Qonunchiligimizga ko‘ra, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ularga ta’minot, tarbiya hamda ta’lim berish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida birinchi navbatda bu toifadagi bolalar oilaga, bunday imkoniyat bo‘lmagan taqdirda tarbiya, davolash muassasalari (bolalar uyi, bolalar shaharchasi, mehribonlik uyi)ga joylashtirilishi belgilangan.

Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning shakllari:

- vasiylik (14 yoshga to‘lmagan bolalar);

- homiylik (14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar)

- patronat (oilaga tarbiyalashga olish)

- farzandlik

- tarbiya, davolash muassasalari (bolalar uyi, bolalar shaharchasi, mehribonlik uyi)ga joylashtirish kabi 5 ta yo‘nalishdan iborat.

Biroq bugungi kunda so‘nggi chora sifatida qo‘llanilishi lozim bo‘lgan beshinchi yo‘nalish, ya’ni bolalarni mehribonlik uyi, bolalar uyiga joylashtirish ko‘payib bormoqda. Bu bilan bolalarning oilada o‘sish huquqi buzilmoqda. Oqibatda bola internat tipidagi muassasalarda tarbiyalanib bitirgandan so‘ng jamiyatga ijtimoiy moslashuvida juda ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.

Shuning uchun ham yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyalash (patronat)ga berish eng maqbul yo‘l hisobanadi.

Qaysi bolalarni oilaga tarbiyalash (patronat)ga olish mumkin:

- ota-onasi vafot etgan;

- ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;

- ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;

- ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan;

- ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;

- ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;

- ota-onasi bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar oilaga tarbiyalash (patronat)ga olinishi lozim bo‘lgan bolalar sifatida vasiylik va homiylik organlarida hisobga olinadi.

Qisqa qilib aytganda, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetim bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalari (bolalar uyi, mehribonlik uyi)da, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar.

 Patronat (tutingan) oila qanday tashkil etiladi?

Tutungan oiladagi bolalarning umumiy soni, o‘z bolalari va tarbiyalash (patronat)ga olingan bolalar bilan birgalikda qoidaga ko‘ra, 8 nafardan oshmasligi kerak.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u xalq ta’limi bo‘limlari qoshidagi vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan kelishuv (bitim) asosida amalga oshiriladi.

Bolani (bolalarni) oilasiga tarbiyalash (patronat)ga olishni xohlovchi har ikki jinsdagi voyaga yetgan shaxslar o‘z yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.

Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

- nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa);

- ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;

 - sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining ma’lumotnomalari;

- sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat;

- mehribonlik uylari qoshida tashkil etilgan “Tutingan ota-onalarni tayyorlash o‘quv kursi”da o‘qiganligi to‘g‘risidagi serifikat.

Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatiladi.

Vasiylik va homiylik organi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida oilaning turmush sharoitlarini, bolalarni tarbiyaga olishni istaganlarning moddiy ta’minlanganlik holatini tekshiradi, tekshirish dalolatnomasini tuzadi va tekshirish dalolatnomasi asosida ularni hisobga qo‘yadi.

Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Vasiylik va homiylik organi tutingan ota-onalar bilan kelishuv tuzilishigacha bolani tarbiyaga olayotgan oilaning turmush sharoitlarini o‘rganib chiqishi va ushbu oila a’zolari sog‘lig‘ining ahvoli haqida ma’lumotlar to‘plashi shart.

Hisobga qo‘yish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tartibda hisobda turgan shaxs vasiylik va homiylik organlarida hisobda turgan va ota-onalar qarovisiz qolgan, shu jumladan, tarbiyalash va davolash muassasalaridagi, shuningdek, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarning dastlabki tanlab olinishini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Tutingan ota-ona tarbiyasiga olgan bolaga nisbatan vasiylik huquq va majburiyatlariga ega bo‘ladi.

 Kimlar tutingan ota-ona bo‘lolmaydi?

- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;

sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaxslar;

qonun bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;

ilgari farzandlikka bola olgan, lekin Oila kodeksining 169-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilingan shaxslar;

qasddan qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;

sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar tutingan ota-ona bo‘lolmaydilar.

 Bolalarni oilaga tarbiyalash (patronat)ga olish to‘g‘risidagi kelishuv qanday rasmiylashtiriladi?

Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish to‘g‘risidagi bitim vasiylik va homiylik organlari bilan titingan ota-onalar o‘rtasida tuziladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuvda tutingan ota-ona to‘g‘risida ma’lumotlar (yashash joyi, pasporti, oilaviy sharoiti), bolani ta’minlash sharoitlari, bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish, tutingan ota-onalarning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining tutingan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek, bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari ko‘rsatiladi.

Oilaga tarbiyalash (patronat)ga olingan bola uchun kiyim-bosh va poyabzal sotib olish uchun hamda tutingan ota-onaga nafaqa to‘lash to‘g‘risidagi buyurtmalar vasiylik va homiylik organi tomonidan tutingan ota-ona ishtirokida shakllantiriladi va xalq ta’limi boshqarmasiga taqdim etiladi.

Bolalarni tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv muddatidan oldin quyidagi sabablar bo‘lganda tutingan ota-onaning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:

- kasalligi;

- oilaviy yoki mulkiy mavqening o‘zgarishi;

- bolalar bilan o‘zaro bir-birini tushunmaslik va boshqalar.

Bolalarni tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv vasiylik va homiylik organining tashabbusi bilan yoki bolalar ota-onalarga qaytarilgan yoxud ular farzandlikka olinganda muddatidan oldin bekor qilinishi ham mumkin.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuvlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi nizolar sud tartibida hal qilinadi.

 Tarbiyaga berilgan bolalarning moddiy ta’minoti

- tarbiyalash uchun oilaga berilgan bolalar har yili bir marta kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minladilar;

- bolani oilaga tarbiyaga olgan tutingan ota-onaga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda (hozirgi kunda har bir bola uchun 877.400 so‘m) har oyda nafaqa to‘lab turiladi;

- buning uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlari asosida xarajatlardan orttirib qolingan zaxira mablag‘lar hisobidan moliya boshqarmalari tomonidan ajratiladi va xalq ta’limi boshqarmalari orqali tutingan ota-onalarga to‘lab beriladi.

 Oilaga tarbiyaga olingan bolalarning huquqlari

- oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘zlariga tegishli bo‘lgan aliment, shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni olish;

- uy-joyga bo‘lgan mulk egaligi yoki uy-joydan foydalanish huquqi;

- qonun hujjatlariga muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.

Oilaga tarbiyalash (patronat) uchun berilgan bolalarga qonun hujjatlarida ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi.

Oilada o‘z manfaatiga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida bola o‘z fikrini bildirishga haqlidir.

 Tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari

Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiy huquqlari va majburiyatlariga ega. Ya’ni, o‘z qaramog‘idagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini ko‘zlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar. Ular o‘z qaramog‘idagi shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda ko‘maklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiiste’mol etilishidan himoya qiladilar.

Shuningdek, tutingan ota-onalar oilaga tarbiyalash (patronat)ga olingan bolaga kiyim-bosh va poyabzal sotib olish uchun ajratilgan mablag‘ning sarflanishi bo‘yicha (xarid cheklarini) yilning 15 noyabr kuniga qadar vasiylik va homiylik organiga taqdim etadilar.

Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar o‘z huquqlaridan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek, ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organlari bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qo‘zg‘atishga haqlidir.

Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradi.

O.OChILOV,

viloyat xalq ta’limi boshqarmasining bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash sho‘basi mudiri.