Paxtachi tuman hokimi Vohid Rahimov: “Odamlarda boqimandalik kayfiyati o‘rniga yaratish, tadbirkor bo‘lish istagi uyg‘onmoqda” (Audio)
Viloyat teleradiokompaniyasining "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Paxtachi tumani hokimi va tumandagi sektorlar rahbarlari, korxona va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
- Avvalgi muloqotlarimizda savollarning aksariyati moddiy yordam yoki mahalladan nafaqa puli olish, salomatlikni tiklash va uy-joyni ta’mirlashda yordam so‘rash bilan bog‘liq bo‘lgandi, - deydi tuman hokimi V.Rahimov. - Bu masalada viloyat hokimining yordami bilan uy-joyi yo‘q yoki uni ta’mirlashga muhtoj kishilarga yordam berildi. Joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali daromad topish borasida tushunchalar berdik, odamlarning ham fikri o‘zgardi. Natijada bugungi muloqotimizda moddiy yoki nafaqa olish, uy-joyni ta’mirlash borasida birorta ham savol bo‘lmadi.
Muloqot davomida aholidan tushayotgan savollarning aksariyati yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy va savdo do‘konlarining buzilishi, bankdan kredit olish, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, Ziyovuddin shaharchasida olib borilayotgan ishlar xususida bo‘ldi. Jumladan, Tadbirkor mahallasidan Zafar Xoliqulov ichki yo‘llarni ta’mirlash, Sharofiddin Ergashev ishga joylashish, Sardoba mahallasidan Muzaffar Hamroyev imtiyozli kredit olishda yordam so‘rab murojaat qildi.
O‘tkazilgan muloqot chog‘ida tuman hokimi va sektor rahbarlariga 56 ta murojaat bo‘ldi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali javob qaytarishning imkoni bo‘lmagan savollar tumandagi tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Tuman hokimi Vohid Rahimov muloqot so‘ngida gazetamiz uchun o‘z fikrlarini bildirdi.
- Berilayotgan savollardan ko‘rinib turibdiki, odamlarda boqimandalik kayfiyati o‘rniga yaratish, tadbirkor bo‘lish istagi uyg‘onmoqda va tumanda olib borilayotgan o‘zgarishlarga befarq emas, - deydi tuman hokimi. - Ziyovuddin shaharchasida arxitektura qiyofasini o‘zgartirish, yangi binolar va ko‘p qavatli uylar qurish loyihalari amalga oshiriladi. Asosiysi, tumanda 2 yil davomida 17 milliard so‘m mablag‘ evaziga kanalizatsiya tarmog‘i qurish ishlari olib boriladi. Bu esa 26 ta ikki qavatli uylarni tarmoqqa ulash va alohida isitish tizimi o‘rnatish imkonini beradi.
Eng ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lgan ishsizlikni bartaraf etish maqsadida paxta to‘qimachilik klasterlarida 4-5 mingta ish o‘rinlari yaratilmoqda. Sanoatni rivojlantirish uchun tumanda temir yo‘l, xalqaro avtomobil yo‘li bor, qurilish materiallari uchun boy xomashyo resursiga egamiz.
Bundan tashqari, tumanimizdagi 28 ming 453 xonadon tasarrufida 1835 gektar tomorqa yeri bor. Bu maydonda ikki ekinda o‘rtacha 60-65 million so‘m daromad olish mumkin va buning uchun imtiyozli kreditlar berib boryapmiz.