Paxtachida yana bitta kutubxona foydalanishga topshirildi

Paxtachi tumanidagi Urganji mahallasida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz 2019 yil 11 yanvarda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida har bir tumanda zamonaviy kutubxona tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili tumanda 11 ming kitob fondiga ega “Intellect” xalq kutubxonasi hamda innovatsion o‘quv markazi tashkil etilgan bo‘lsa, bu yil Urganji mahallasida 2 ming 300 kitob fondiga ega ushbu ma’rifat markazi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Kutubxonaning ochilish marosimida tuman hokimi M.Hamdamov, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

- 5 ta muhim tashabbusni hududlarda keng tadbiq etish maqsadida bunyod etilgan kutubxonamiz Urganji va qo‘shni Oqtepa mahallalarida yashovchi 7 mingdan ziyod  aholiga xizmat ko‘rsatadi, - deydi kutubxona mudirasi Marziya Yorqulova. – Kitoblar asosan homiylar va kitobsevarlar ko‘magida jamlandi. Xususan, taniqli shoir Farmon Toshev o‘zining 120 dan ziyod, deputat Erkin Nurboyev 100 dan ortiq, Isoqul O‘rinov, Turg‘un Mardonov, Barno Sanaqulova kabi kitobsevarlar 50-60 tadan yangi kitoblar sovg‘a qilishdi.

Darvoqe, ushbu ma’naviyat o‘chog‘i ham shu mahallada yashovchi tadbirkorlar homiyligi asosida qurildi. Kutubxonaning mutolaa zali bir vaqtning o‘zida 30 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatadi.

Izzatulla NORQUVVATOV.