“Paxtakor -79”: Mash’um fojia qanday yuz bergandi?
Bundan roppa-rosa 44 yil muqaddam, 1979 yilning 11 avgustida Dneprodzerjinsk osmonida ikkita samolyot to‘qnashgan edi. Bu samolyotlardan birining bortida o‘ziga xos o‘yini hamda mahorati bilan muxlislar muhabbatiga sazovor bo‘lib borayotgan sobiq ittifoq Oliy ligasining eng sara jamoalaridan biri "Paxtakor" futbol klubi ham bor edi.
Ular - Sergey Pokatilov, darvozabon, 28 yosh; Nikolay Kulikov, himoyachi, 26 yosh; Alim Ashirov, himoyachi, 24 yosh; Ravil Agishev, himoyachi, 20 yosh; Yuriy Zagumennix, himoyachi, 32 yosh; Mixail An, yarim himoyachi, 26 yosh; Konstantin Bakanov, yarim himoyachi, 24 yosh; Aleksandr Korchenov, yarim himoyachi, 30 yosh; Vladimir Makarov, yarim himoyachi, 32 yosh; Viktor Churkin, hujumchi, 27 yosh; Sirojiddin Bozorov, hujumchi, 18 yosh; Shuhrat Eshbo‘tayev, hujumchi, 20 yosh; Vladimir Sobirov, hujumchi, 21 yosh; Vladimir Fyodorov, hujumchi, 23 yosh; Idgay Tazetdinov, murabbiy, 46 yosh; Vladimir Chumakov, jamoa shifokori, 46 yosh; Mansur Tolibjonov, jamoa administratori.
Ular yosh va jasoratli, zafarli natijalari bilan o‘zbek xalqi qalbida ulkan umid mash’alasini yoqqan afsonaviy jamoa edi. Xo‘sh, Dneprodzerjinsk osmonida samolyotlar to‘qnashuviga nima sabab bo‘lgan edi?
Fojia tafsilotlari keyinchalik ma’lum qilingan. Unga ko‘ra, o‘sha mash’um kunda Xarkov havo harakatini boshqarish markazi dispetcheri Nikolay Jukovskiy, endigina o‘quv yurtini tugatgan 20 yoshli yigit parvozlarni kuzatayotgan edi. Unga katta dispetcher Vladimir Sumskiy hamrohlik qilgan.
Bortida “Paxtakor”chilar bo‘lgan layner parvozni 5100 metr balandlikda amalga oshirgan va uchuvchilar yuqoriga ko‘tarilish uchun ruxsat so‘rashgan. Nikolay Jukovskiy esa buni amalga oshirishga ruxsat beradi. Dispetcher fojiaga 5 daqiqa qolgandagina 8400 metr balandlikda ikkita "Tu-134" samolyoti uchayotganini bilib qoladi va “Paxtakorchi"lar uchayotgan layner bilan bog‘lanib, 9000 balandlikka ko‘tarilish buyrug‘ini berishga harakat qiladi. Ammo balandlikni o‘zgartirish buyrug‘i o‘z manziliga yetib bormaydi.
Shu vaqtda aloqada bo‘lgan boshqa bir samolyot xatolik bilan buyruqni tasdiqlagan. Dispetcher buyruqni aynan "Paxtakor" futbolchilari bo‘lgan "Tu-134A" tomonidan tasdiqlaganini aniqlamagan.
Oqibatda kuzatuv ekranlaridan bir vaqtning o‘zida ikkita samolyot g‘oyib bo‘ladi. Ikkala dispetcher ham ular bilan aloqaga chiqishga uzoq harakat qilishadi. Samolyotlar ekranda paydo bo‘lib qolishi va hammasi joyida bo‘lishiga umid qilib, uzoq vaqt rahbariyatga bildirishmaydi, yordam so‘rashmaydi. Alal-oqibat fojia ma’lum bo‘ladi...
Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham yulduzli jamoa a’zolari hamisha faxr va iftixor bilan eslanadi, ularning yorqin xotiralariga hurmat ko‘rsatiladi. O‘zbek futbol ahlining hech bir vakili yo‘qki, "Paxtakor-79" haqida hurmat va chuqur qayg‘u bilan eslamasa.
...Toshkentning Botkin nomidagi qabristoni kiraverishida "Paxtakor-79" xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan. Markazda to‘pga intilayotgan darvozabon, atrofidagi halqada esa 1979 yil 11 avgustda Ukraina osmonidagi dahshatli to‘qnashuvda halok bo‘lgan 17 nafar “Paxtakor” futbolchilarining nomlari o‘rin olgan.