Payariq tumanida suv inshooti va tarmog‘ini rekonstruksiyasida 134,5 million so‘m byudjet puli talon-toroj qilingan

Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Holat departamentning Payariq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

Aniqlanishicha, “H.Q.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari va boshqalar “O‘ymovut” mahallasi hududidagi toza ichimlik suv inshooti va tarmog‘ini rekonstruksiya qilgan. Mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari va boshqalar hujjatlarga soxta ma’lumotlarni kiritish orqali amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozib, 134,5 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan MChJ rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.