Payariq tuman markazida taksi haydovchilari mashina qo‘yishga joy yo‘qligi sabab har kuni o‘z-o‘zidan “qoidabuzar”ga aylanib qolayotganidan shikoyat qilmoqda.
“Oilamni taksichilik bilan boqaman. Mashinani boshqarish uchun qo‘yilgan talablarni bekami-ko‘st bajarishga harakat qilyapmiz. Lekin biz, haydovchilarda bitta muammo bor. Mashinamizni tuman markazining qayeriga qo‘yishni bilmaymiz. Aholi markaziy shifoxonaning ro‘parasini bekat qilib olishgan. Chunki odamlar qayerda bo‘lsa, yo‘nalishsiz taksilar ham shu yerda bo‘ladi. Afsuski, bu yerga mashina qo‘yib, odam olish mumkin emas. Ta’qiqlovchi belgilar bor. Buni kirakashlar juda yaxshi bilishadi. Nachora, haydovchilar nima qilsin, dodimizni kim eshitadi? Mashinamiz odamga to‘lguncha yuragimizni hovuchlab turamiz. Biron tekshiruvchi kelib qolmadimikin, rasmga tushib qolmadikmi deb.
Ko‘pchilik haydovchilar “rasmga tushib”, jarima ham to‘layapti. Lekin bari bir ish davom etyapti. Tirikchilik-da, avtobus bo‘lmagandan keyin odamlar ko‘chada qolib ketmaydi-ku?! Mana shu taraflarini ham o‘ylash kerak, axir? Kim kelsa, “markaziy shifoxonaning oldiga boringlar, istagancha qoidabuzarlik bor”, deydi. Ayting, shunda biz qayerda turaylik? Qachongacha jarima to‘laymiz? Nahotki, bironta joydan bekat tashkil qilishning iloji bo‘lmasa?” deydi haydovchilardan biri.
Payariqlik kirakashlarning kuyib-pishganicha bor. Yuqorida nomi tilga olingan hududdagi ko‘chaning ikki tomoni mashinalar bilan to‘lib ketgan. Qulog‘ingizni “Samarqand”, “Chelak”, “Dehqonobod”, “Bahrin”, deya baqiriq-chaqiriq ovozlar qomatga keltiradi. Chetdan kelgan kishi Payariqning avtoshohbekati ana shu bo‘lsa kerak, deyishi aniq.
Bu ham mayli. Tirbandlikka kim javob beradi? Har daqiqada markaziy shifoxonaga bemor kelib qolishi mumkin. Tez yordam mashinalari bunday tirbandlik vaqtida uchib o‘tmasa kerak. Tibbiy tez yordam ham el qatori tirbandlik tarqalishini kutishga majbur. Bu bemor uchun qimmatga tushishi mumkinligini hech kim o‘ylamaydi.
Chelak markazida ham shu ahvol.
Xullas, tuman markazida yo‘nalishsiz taksilar uchun albatta bitta avtoshohbekat kerak.
Husniddin XOLDOROV,
Saydulla RAShIDOV.