Kecha – 5 sentyabr kuni viloyatimiz shahar va tuman hokimliklari veb-saytlarining yuritilishi haqida xabar bergan edik.

Kuzatishlarimizni davom ettirib, yana saytlarga nigoh tashladik.

Payariq tumani hokimligining www.sampayarik.uz saytini (oxirgi ma’lumot 28 avgust kuni 14:41 da joylashtirilgan) ochganingizdanoq ko‘zingiz darhol fotosuratlarga tushadi. Qishki kiyimlardagi kishilar ishtirokidagi tadbirlardan lavhalarni ko‘rib, sayt anchadan beri yangilanmagan bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelasiz.

Yirik planda berilgan «Payariqda Mustaqilligimizning 27 yilligi bayrami keng nishonlandi», «Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab ko‘pkari tashkil qilindi» kabi xabarlar o‘tgan yilgi ekanligi sarlavhasidan ham ma’lum. Matnli xabarlarni sanasiga qarab, yangilangan ekan, deya xursand bo‘lishga ozroq shoshibman. Hisobot shaklidagi ma’lumotlar tumanning iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlari bo‘limida joylashishi lozim bo‘lgan matn ekan.

Qo‘shrabot tuman hokimligining http://www.qoshrabot.uz saytining bosh sahifasida turli e’lonlar, qaror, farmonlar o‘rin olgan. Qo‘shrabot tumani haqidagi ma’lumotlar, xususan, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, demografik holat, korxona va tashkilotlar tavsifi, 2019 yilning iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar o‘z vaqtida yangilangan.

Eng qizig‘i, tumanning byudjet tushumi, uning o‘tgan yillarga nisbatan holati, sarf-xarajatlar ham berilishi tuman hokimliklari rasmiy veb-saytlari uchun katta yangilik.

Umuman, ushbu saytda tuman hayotiga oid rasmiy ma’lumotlar o‘z vaqtida yangilanayotgani bilan e’tiborli. Faqat bosh sahifasida xabarlar haddan tashqari zerikarli va e’tibor tortmaydi. Ziyoratgohlar haqida ma’lumotlar berilarkan, ziyoratgohning ba’zi fotosuratlaridan ushbu qadamjolar obodligiga e’tiborsizlik ko‘rinib qolgan.

Narpay  tumani hokimligining  http://www.narpay.uz/ saytining bosh sahifasidanoq sayt o‘z vaqtida yangilanib borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Tuman haqidagi umumiy ma’lumotlar, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, manzilli dasturlar eskirmay berib borilgan. Ayniqsa, tuman hayoti bilan bog‘liq voqea-hodisalarning videolavhalari ham saytga joylashtirilganligi e’tiborga loyiq. Ehtimol saytga kiruvchilar soni unchalik ko‘p emasdir, balki unda tuman aholisi uchun zarur va dolzarb ma’lumotlar kiritib borilsa foydalanuvchilar soni yanayam ko‘payar. Bu haqda sayt mutasaddilari o‘ylab ko‘rayotgan bo‘lsa ajabmas. Ammo hozircha Narpay tumani haqida ushbu saytdan yetarlicha ma’lumot olish mumkin.

To‘lqin Siddiqov.