Payariqdagi bir qator maktablardagi holat sanitariya talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi
Xabar qilganimizdek, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mas’ullari, tuman (shahar) bo‘limi mutaxassislari hamda OAV vakillari viloyatdagi maktablarning sanitariya va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishmoqda.
Bugun bu jarayon Payariq tumanidagi maktablarda davom etdi.
Tumanda 102 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, 17 tasi gazlashgan, 85 tasi ko‘mir bilan isitiladi.
Jumladan, tumandagi 10-maktab gazlashgan, lekin muassasa ko‘mir bilan isitilyapti. Buning ustiga hojatxonasi xlorlanmagan, qo‘l yuvgichlar nosoz, chiqindi konteynerlari belgilanmagan joyda o‘rnatilgan.
- Maktabimiz gazlashgan, lekin ko‘mir bilan isityapmiz, - deydi maktab direktori vazifasini bajaruvchi Abdumannon Umirov. - O‘tgan yil gaz bor edi, bu yil gaz kelmaganligi uchun 24 tonna ko‘mir berildi. Hozir sinfxonalarni isitish uchun kuniga 300-400 kilogrammgacha ko‘mir ishlatyapmiz. Biroq gaz kelmasa, yoki qo‘shimcha ko‘mir berilmasa, mavsum so‘ngiga qadar yetmaydi.
Tumandagi 24, 50 va 55-maktablarda ham xuddi shunday holat - hojatxonalar sanitariya talabiga mos emas, qo‘l yuvgichlar ta’mirtalab, muassasalar hududidagi do‘kon va oshxonada taqiqlangan ichimliklar sotilmoqda.
Payariq tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi mutaxassisi Sherali Jabborovning aytishicha, maktablar rahbarlari mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha ogohlantirilgan. Ammo haligacha hech qanday masala bartaraf etilmagan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.