Payshanbada o‘tkazilgan tadbirni harbiy texnikalar paradi boshlab berdi

Joylarda bo‘layotgani kabi Kattaqo‘rg‘on tumanida ham Vatan himoyachilari kuni oldidan tadbir tashkil etildi. Payshanba shaharchasida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirni harbiy texnikalar paradi boshlab berdi.
Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti Kattaqo‘rg‘on tumani kengashi qoshidagi o‘quv sport-texnika klubi rahbari Ro‘zimurod Jo‘rayevga “O‘zbekiston “Veteran” birlashmasi oldidagi xizmatlari uchun” medali topshirildi.
- Vatan himoyachilari bayramining nufuzi yildan yilga ortib bormoqda, - deydi R.Jo‘rayev. – Shu qutlug‘ kun arafasida qo‘lga kiritgan mukofotim menga katta mas’uliyat yukladi. O‘zimga “Men Vatan uchun nima qildim”, degan savolni berib, kelgusida yanada samaraliroq mehnat qilishim, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hali ko‘p ishlarni amalga oshirishim kerakligini angladim.
Qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
To‘lqin SIDDIQOV.