Payshanbada yangi yildan yangi muzey ish boshlaydi

Kattaqo‘rg‘on tumanining Payshanba shaharchasida Muhammad Amiri Naqibbek madrasasi binosi uzoq yillardan beri qarovsiz holda edi. 1791 yilda bunyod etilgan bu tarixiy obida 1928 yilgacha madrasa sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Keyinchalik omborxonaga aylantirilib, 100 yilga yaqin e’tibordan chetda qolgan binoni zax bosdi, devorlari yemirila boshladi.
Tumanda yashovchi bir guruh ziyolilar, mehnat faxriylarining keyingi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibordan ruhlanib, madrasa binosini ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif viloyat hokimligi tomonidan ma’qullandi. Madrasa negizida tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Mahalliy byudjet hisobidan 500 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
2019 yilda boshlangan mazkur xayrli ish ayni damda avjiga chiqqan.
Madrasa hovlisiga peshtoqli darvozadan kirib boriladi. Hovlida baland ayvon, masjid va 16 ta xona mavjud. Majmuada 2 yil davomida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu yerga zarur mebel jihozlari va tarixiy ashyolar keltirildi. Mazkur qadimiy qadamjo tarix va zamonaviylik uyg‘unligida bezatilmoqda. Muzey 2021 yil oxirida yangi yil bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.
Ilhom Fayziyev,
madaniyat va ma’rifat a’lochisi.