Pensioner ekkan “kannabis” pishmadi
Giyohvandlikka ruju qo‘yish oqibatida inson hayoti izdan chiqadi, sog‘lig‘ini yo‘qotadi. Bugungi kunda ayrim yoshlarning bu zahri qotilning domiga tushib, sog‘lig‘idan ayrilayotgani, o‘z hayotini izdan chiqarayotgani sir emas. Shu sababdan ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda yoshi ulug‘ kishilarning o‘rni muhim.
Afsuski, hayotning past-balandini ko‘rgan katta yoshdagi ba’zi kishilarning o‘zlari shunday noto‘g‘ri yo‘lni tanlayotgani ham uchramoqda.
Paxtachi tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi, besh farzandning onasi, pensioner Sojida Boliyeva (ism-familiya shartli) ham atrofidagilarga o‘rnak bo‘lar yoshda nafs domiga ilindi. Tomorqasiga “kannabis” - zahri qotilning uch dona urug‘ini qadadi. Uni parvarishladi, o‘stirdi. Ekkan “ekini”ni o‘rib olishga shoshilmadi, yetilishini kutdi. Ammo jinoiy rejasining payi qirqildi.
2019 yil 29 iyul kuni tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sojida Boliyevaning tomorqasida tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud bo‘lgan 3 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi.
Viloyat sudiga oid narkologiya ekspertizasining xulosasida, tekshirish vaqtida Sojida Boliyeva giyohvandlik bilan xastalanmagani va majburiy davolanishga muhtoj emasligi aniqlandi.
S.Boliyevaga nisbatan amaldagi qonun talablari doirasida hukm o‘qildi.
A.AKRAMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudi raisi.