Pensiya va nafaqalar oshirilgan miqdorda to‘lanmoqda

2022 yilning 1 mayidan boshlab yoshga doir, nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi.

Endilikda yoshga doir pensiyalarning eng kam pensiya miqdori – oyiga 633 000 so‘m, nogironlik pensiyalari, shu jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagandagi nogironlik pensiyasi oluvchilarining pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 698 000 so‘m, mehnatga layoqatsiz nogironlik nafaqasi hamda bolalikdan nogironligi bo‘lganlarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 698 000 so‘m, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 324000 so‘m qilib belgilandi.

Shuningdek, 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari uchun eng kam pensiya ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 million 80 ming so‘mga oshirildi. Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (bu 633000 so‘m) 698 000 so‘mgacha  pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 698000 so‘mga yetkaziladi.

Masalan, (erkak kishi) 30 yil ishlagan, ya’ni talab qilingan 25 yildan 5 yil ortiqcha ish stajiga ega. Unga yoshga doir eng kam pensiya miqdori va ortiqcha ishlagan 5 yili uchun 5 foiz oshirish berilganda pensiyasi 649200 so‘mni tashkil etadi. Endi ushbu pensiya miqdori 698 ming so‘mga yetkazilib qayta hisoblab berildi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 maydan boshlab, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori va ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda oyiga 500 ming so‘m etib belgilandi. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori ham oyiga 500 ming so‘m bo‘ldi va keyingi har bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 185 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Masalan, 3 nafar farzandiga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchi fuqaroga 870 ming so‘m nafaqa to‘lanadi. Ya’ni, bir nafar bolasiga 500 ming so‘m, keyingi ikki nafarining har biriga 185 000 so‘mdan qo‘shiladi. Vafot etgan boquvchi ish stajiga ega bo‘lmaganda, uning oilasiga ijtimoiy nafaqa tayinlanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa 500 ming so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya tayinlanadi.

Misol uchun, boquvchining o‘rtacha oylik ish haqi 2022 yil 1 may holatida 1 million 500 ming so‘mni tashkil etadi, uning ikki nafar farzandi bo‘lib, ularga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi beriladi. Bu oila uchun pensiya miqdori quyidagicha qayta hisob-kitob qilinadi – bir nafar farzandiga 500 ming so‘m, ikkinchi farzandiga oylik ish haqining 30 foizi, ya’ni 450 ming so‘m belgilanadi.

Bugungi kunda viloyatimiz pensiya jamg‘armasi hisobida 439913 nafar pensiya va nafaqa oluvchilar mavjud bo‘lib, ularning barchasiga yangi pensiya va nafaqa miqdorilari qayta hisob-kitob qilib chiqildi va oshirilgan miqdorlarda to‘lanishi ta’minlanadi. Pensiya yoki nafaqa oluvchi fuqaro pulini bank plastik kartasi orqali olayotgan bo‘lsa, uning pensiya (nafaqa) puli 1 may kuni kartasiga tushirib berildi. Naqd puldagi pensiya (nafaqa)lar ham oshirilgan miqdorda may oyida to‘lab berilishi uchun barcha tuman va shahar pensiya jamg‘armalarida zarur choralar ko‘rilgan.

Abdurashid Rahimov,

Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi shu’ba rahbari.