Pensiya va nafaqalarni plastik kartalarga o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish berildi
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar joriy yilning may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha plastik kartalarga o‘tkazish orqali amalga oshirilishi haqida qaror qabul qilindi.
Mazkur qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad — pensioner va nafaqa oluvchilarning sog‘lig‘ini saqlash va koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish.
Tibbiyot xodimlarining xulosalariga asosan, ushbu kasallik yoshi katta, surunkali kasallikka yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda og‘irroq kechadi.
Naqd pul orqali muomala qilish — virus tarqalishiga olib keluvchi omillardan hisoblanadi. Chunki naqd pulda koronavirus qo‘zg‘atuvchi qator bakteriya va noma’lum infeksiyalar mavjud bo‘lib, ular uzoq muddat (4-5 kun davomida) saqlanib qoladi.
Hozirgi kunda respublikada jami pensiya va nafaqa oluvchilar soni — 3 million 734 ming 237 nafarni tashkil etadi. Pensiya va nafaqa tarqatish uchun esa AT “Xalq banki”ning 4 ming 355 nafar xodimi, 600 dan ortiq avtotransport haydovchilari hamda Markaziy bank inkassatsiya xizmatining 1000 dan ortiq xodimi jalb etilgan. Ushbu jarayonga ichki ishlar idoralarining 1090 ta xodimi ham biriktirilgan.
Naqd pul shaklida pensiya va nafaqalarni olish va tarqatish jarayonida qariyb 4 million odamning o‘zaro muloqoti respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavf-xatarini keskin oshirib yuboradi.
Maxsus komissiya tomonidan fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni cheklashga qaratilgan bir qator cheklovlar joriy etilmoqda. Masalan, transport vositalari va fuqarolarning harakatlanishi bilan bog‘liq va boshqalar. O‘z navbatida, pensiya va nafaqalarni plastik kartalarga o‘tkazish ham bu boradagi aynan karantin cheklovlari hisoblanadi.
Yuqoridagilarga asosan, Maxsus komissiyaning qarori amaldagi qonun hujjatlariga zid hisoblanmaydi hamda pensioner va nafaqaxo‘rlarning huquqlarini buzishga emas, balki ularning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan chora hisoblanadi. Bundan tashqari, komissiya qarorida pensiya va nafaqalarni plastik kartalar orqali berish respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar amal qilishi hamda respublikamizning barcha hududlaridagi savdo nuqtalarini to‘liq to‘lov terminallari va naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan.