Pentagon Kobuldagi turar-joy binolariga xato zarba bergani uchun uzr so‘radi

Pentagon 29 avgust kuni Kobuldagi turar-joy massiviga Amerika uchuvchisiz samolyotlarining zarbasi xatosini tan oldi. O‘shanda kamida o‘n kishi ushbu zarbalar qurboni bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi bolalar edi. Vashington qurbonlar yaqinlariga tovon puli to‘lash masalasini ko‘rib chiqishga va’da bermoqda.

«Biz zarba aeroportda harbiy kuchlarimiz va xalqimizga tahdidning oldini olishiga ishongan edik. Lekin bu xato edi. Men chin dildan kechirim so‘rayman», dedi AQSh Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i Frank Makkinzi.

Avvalroq, Pentagon Afg‘onistonda uchuvchisiz qurilmalari orqali uyushtirilgan hujumlarni Afg‘oniston poytaxti aeroportida yuz bergan, kamida 200 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktga javob, deb atagan edi. Vashington rasmiylarining aytishicha, hujumlarda "Islomiy davlat" terrorchilik guruhi nishonga olingan.