Pixini yorgan firibgar ayollar
Amerikalik tarixchi Tori Telfer o‘zining “Ustasi farang ayollar” kitobida firibgarlik va tovlamachilikda dunyoni dong qoldirgan qalloblar haqida shunday yozadi: “Ular sohibjamol va maftunkor. O‘ta aqlli va hiylakor. Shu bilan birga o‘ta shafqatsiz. O‘zlari to‘qigan har xil uydirmalarga odamlarni ishontirishga juda usta. Manaman degan erkak firibgarlar ular qarshisida ip esholmaydi”.
“Mir novostey” (2021 y, 10-son) gazetasi muallif fikrlarini quyidagicha bayon qiladi: “Ana shunday firibgarlikda pixini yorgan ayollardan biri xitoylik Van Ti. U o‘zini ikki qudratli siyosatchining qizi deb ko‘rsatgan. Bu uni pekinlik badavlat kishilar davrasiga suqilib kirishiga imkon bergan. Hashamatli hayot kechirish uchun u o‘zining boyvachcha do‘stlarining uylarini sotib, pulini jig‘ildoniga urgan.
Firibgar ayol, avvalo, ushbu uylarni ijaraga olgan, bu ko‘chmas mulklar unga tegishli bo‘lmasa-da, ularni bemalol pullab, ijara haqini o‘z vaqtida to‘lab boravergan. Ushbu tovlamachilik orqali uch yil davomida makkora ayol 9 million dollar ishlab olgan. Uning domiga 27 kishi ilingan.
Boshqa firibgar ayollar o‘zlarini ekstrasens qilib ko‘rsatishni yaxshi ko‘rishadi. “Bashoratchi” o‘ziga ruhiy jihatdan tobe holatga tushgan mijozlardan ochiqchasiga pul talab qilishdan uyalishmaydi. Bu ishni mediumlar ichida yulduz hisoblangan bruklinlik Meri Eni Skayell qoyilmaqom qilib uddalagan. U mijozlariga uning ruhlar olamidagi yo‘l ko‘rsatuvchilari pul cheki, yangi kiyimlar, dala hovli so‘rashayotganini aytgan.
Yana har xil uydirmalar o‘ylab topishga usta toifalar ham bor. Ular ko‘z yoshi to‘kib, o‘zlarini jabrdiyda, xo‘rlangan bechorahol ayol qilib ko‘rsatishadi. Nohaq tazyiqqa uchragan taniqli arboblarning farzandi bo‘lganini to‘qib odamlarda rahm-shafqat, xayrixohlik uyg‘otishadi. Otilgan rus podshosi Nikolay II ning qizi Anastasiyaman, deb o‘zini ko‘rsatgan ayollar bunga misoldir.
O‘n yillar davomida ular o‘zaro raqobatlashgan. Garchi ularning tashqi ko‘rinishi, lahjasi Anastasiyaga juda o‘xshash bo‘lsa-da, rus podshosiga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Ammo ko‘pchilik ularni cho‘pchaklariga ishonishgan.
Nima uchun? Negaki, o‘limdan qutulib qolgan malika mavjudligiga ishonish odamlarga xush yoqqan, deb faraz qiladi Tefler.
Ayrim uydirmachi firibgarlar o‘zlarini dahshatli fojia qurboni qilib ko‘rsatadi. Ular yordamga muhtoj kishilarga doimo himmat qo‘lini cho‘zishga shay odamlarning ko‘ngilchanligidan ustakorlik bilan foydalanishadi. Bunday firibgarlik zilzila yoki terrorchilar hujumidan keyin paydo bo‘lishadi. Tanya Xed o‘zini ana shunday terrorchilik hujumidan omon qolgan qilib ko‘rsatib, tirik qolgan jabrdiydalarga yordam beruvchi norasmiy tashkilot vakiliman, deb katta boylik to‘plab olgan.
2019 yilda Nyu-Yorkda Anna Delvi deb tanilgan, aslida Anna Sorokina bo‘lgan tovlamachi ayol ustidan sud bo‘ldi. U firibgarlik va xizmatlar o‘g‘risi sifatida ayblandi. U 1991 yilda Domodedovada tug‘ilgan. Keyinchalik Rossiyadan ota-onasi bilan Germaniyaga ko‘chib o‘tadi, 2013 yilda esa Nyu-Yorkda paydo bo‘ladi. Amerikaliklarning ishonchini qozonib, o‘zini Germaniyada 60 million dollar boylik merosxo‘ri Anna Delvi deb e’lon qiladi. Uning Amerikadagi dong‘i mahalliy aholida shunchalik katta taassurot uyg‘otdiki, yaqinda Sorokinoning “qilmish-qidirmish”lari haqida Nyu-York tarixida buyuk tovlamachi sifatida hikoya qiluvchi serial suratga olindi. Uni bu kinodan tushgan pul 300 ming dollar o‘margan mablag‘ni tovon to‘lashiga bemalol yetdi. 12 fevralda u “namunali xulqi” uchun muddatdan ilgari qamoqdan ozod qilindi. Uni Germaniyaga badarg‘a qilinishi kutilmoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.