"Plastik kartangizni bering, telefoningizga ulab beraman" deb kartadan pullarini yechib olgan shaxs ushlandi
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 2020 yil 16 avgust kuni Oqdaryo tumanida yashovchi, X. Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 6-sonli IIBga shikoyat bilan murojaat qilgan.
Arizaga ko‘ra, 2020 yil 15 aprel kuni X. Samarqand shaxridagi “Ipak yo‘li” banki filiallaridan biriga kelib, o‘zini plastik kartochkasini telefon apparatiga ulamoqchi bo‘lib turgan vaqtida, uning oldiga fuqaro Z. kelib, plastik kartochkasini telefon apparatiga ulab, pullarni boshqa plastik kartochkasiga o‘tkazib berishda yordam berishini aytadi.
Amaliy yordam vaqtida Z. plastik kartochkadagi kodlarni eslab qolib, X. ga pullarini o‘tkazib bo‘lmaganligini aytib, plastik kartasini qaytarib beradi. X. bankdan ketganidan so‘ng, "uddaburon" Z. plastik kartochka kodlarini o‘zining telefon apparatiga ulab, undan 2.790.000 so‘m pullarni yashirin ravishda talon-taroj qilib, voqea joyidan ketadi.
Samarqand viloyati IIB JQB Tezkor-qidiruv hamkorligi bo‘limi hamda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 6-sonli IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Samarqand shahri Motrid qo‘rg‘onida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan M.Z. sodir qilganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolardan plastik kartalarini, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlari aks etgan hujjatlarini begona shaxslarga bermasliklari bo‘yicha yana bir bor ogohlikka chaqiradi.