Pochta orqali xat yozib, masofadan shaxmat o‘ynaganlar haqida eshitganmisiz?

Telefon va telegraf ixtiro qilinishidan oldin, turli shaharlardagi shaxmatchilar bir-birlariga pochta orqali xat yozib, masofadan turib shaxmat o‘ynashardi.
Nyu-Yorkning Brentvud shahrida yashovchi amerikalik politsiyachi Jon Uesker Virjiniya shtatidagi qamoqxonada qotillik aybi bilan umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Klod Bladgud bilan pochta orqali shaxmat o‘ynay boshladi.

Buning o‘ziyoq hayratlanarli edi: huquq-tartibot organi xodimi jinoyatchi bilan masofadan shaxmat o‘ynayotgandi. Aftidan, u Bladguddan munosibroq raqib topa olmagan.

Politsiyachi Jon Uesker o‘z raqibiga mot tuzog‘ini qo‘yib, bo‘lajak g‘alabasidan zavq olib turgan paytda, to‘satdan Bladgudning qamoqdan qochib ketganini eshitib qoldi.

Politsiyachining g‘azabi cheksiz edi:
— Men axloqchi emasman, lekin axir hamma narsaning ham chegarasi bor! Qotillik qilgani — bir tomon, lekin faqat butunlay kamsitilgan va o‘ta ketgan yaramas sharmandalargina muqarrar «mot»dan qochishi mumkin! — degan edi o‘shanda politsiyachi.