Polvon bobolari izidan borayotgan yosh kurashchilar jam bo‘ldi

Samarqand tumanidagi 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha “Samarqand tumani prokurori kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tuman prokurori tashabbusi bilan tashkil etilgan sport tadbirida 12 vazn toifasida 280 nafardan ortiq yosh sportchilar bellashdi.
Musobaqa avvalida tuman hokimi S.Usmonov, tuman prokurori G‘.Abdurahmonov sportning erkin kurash turi keng ommalashgani, tumanda sportchi yoshlar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida sportchi yoshlar safi kengayotgani, ular orasida nafaqat tuman, viloyat, balki respublika va xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishayotgan nomdor sportchilar soni ortib borayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, tadbir davomida musobaqa o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sportning kurash turini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash, yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani aytib o‘tildi.
Bellashuvda eng kuchli bo‘lgan g‘olib sportchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.