Poytaxtimizda koronavirusdan davolanayotgan 13 nafar homilador ayol farzandli bo‘ldi

Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, shuningdek, homilador, tug‘ruqdagi va tuqqan ayollarni davolashga ham alohida ahamiyat berilmoqda.

Jumladan, bugungi kunda poytaxtimizdagi 3-sonli tug‘ruq majmuasining tibbiyot xodimlari ham koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolashda bor tajriba va bilimini ishga solishmoqda. Bu yerda homilador, tug‘ruqdagi va tuqqan ayollarda koronavirus infeksiyasini tashhislash va ularni davolashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yagona tizim hamda uslubiy yondashuv joriy etilgan.

Ushbu tibbiyot muassasasida quvonchli voqea yuz berdi. So‘nggi 10 kun davomida bu yerda davolanayotgan 13 nafar ayol farzandli bo‘ldi. Ona va bolalarning ahvoli shifokorlar tomonidan doimiy nazorat ostida.

To‘g‘risi, har bir homilador ayol koronavirus infeksiyasi uni ham chetlab o‘tmaganini bilgach, birinchi navbatda, o‘zi emas, balki tug‘ilajak farzandi haqida qayg‘uradi. Bilimli va mahoratli tibbiyot xodimlarining mehnati samarasi o‘laroq, eson-omon dilbandini bag‘riga bosgan onalar bugun o‘zlarini eng baxtli inson, deb his qilayotganlari tabiiydir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.