Predrag Rogan:“Superligada “jon saqlab” qolish uchun emas, yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashamiz”

Joriy yil viloyatimizning “Dinamo” jamoasi tarkibi va murabbiylar shtabi yangilandi. Klubga xorijlik mutaxassislar, legioner o‘yinchilar va klublardan mahalliy futbolchilar jalb qilindi. Ammo jamoa turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda boryapti. Muammo nimada, futbolchi va murabbiylar bilan bog‘liq noqulayliklar yo‘qmi, keyingi tur o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari qanday olib borilyapti?

Mazkur savollarga “Dinamo” professinol futbol klubi bosh murabbiyi, serbiyalik mutaxassis Predrag Rogandan javob oldik.

- Superliga mavsumi boshlanishidan avval jamoa bilan Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini olib bordik va mazkur yig‘in doirasida besh o‘rtoqlik o‘yinida 3 durang, 2 g‘alaba qayd etdik, - deydi Predrag Rogan. - Biroq o‘rtoqlik o‘yinlari bilan Superliga bahslari o‘rtasida katta farq bor.

Futbolchilar maydonda qo‘rqmay, to‘p tepishlari, o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, sifatli o‘yin namoyish etishlari kerak.

Jamoamiz bu mavsum Superligada sakkiz tur o‘tkazib, 4 tasida mag‘lub bo‘ldi, 3 tasida durang o‘ynadi va bir o‘yinda g‘alaba qildi. Jamoa yangilangan tarkib bilan nega bunday past natija qayd etyapti, deyishingiz mumkin. Murabbiy sifatida men ham natijadan qoniqmayman. Bu bilan o‘zimni oqlamoqchi ham emasman. Chunki jamoamiz tarkibi yuz foiz yangilandi. Futbolchilar bir-birlarini tushunishi, maydondagi harakatlarini his qilishi uchun vaqt va ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Oldinda o‘yinlar bor, biz harakat qilyapmiz.

Futbolchilar bilan jamoa rahbariyati va murabbiylar o‘rtasida hamkorlik yaxshi. Jamoada hamma futbolchi menga yoqadi. Bu klub men uchun “Real Madrid”.

Joriy mavsumda Superligada “jon saqlab” qolish uchun emas, balki yuqoriroq o‘rinlarni egallash uchun kurash olib boramiz. Buning uchun murabbiylar bilan ishlayapmiz, futbolchilarga nima qilish kerakligini uqtiryapmiz. Albatta, o‘yinlarda o‘zimizni ko‘rsatamiz va asta-sekin yaxshi natija ham bo‘ladi.

Bugun jamoamiz Superliganing 9-turi doirasida Bekobodda "Metallurg" klubiga qarshi maydonga tushadi. O‘ylaymanki, futbolchilar maydonda o‘zini ko‘rsatadi.

Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.