Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Press-turdan jurnalistlar qanday xulosa chiqardi? Ish beruvchilar-chi?

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda dastlab jurnalistlar viloyatdagi Urgutdagi “O‘zBAT” qo‘shma korxonasida bo‘ldi.

- Korxonamizda mehnat qilayotgan 226 nafar ishchining 19 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, - deydi korxonaning ekologiya va mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Ravshan Hasanboyev. – Shuningdek, har yili 400 nafar mavsumiy ishchilarni shartnoma asosida ishga qabul qilamiz. Bizda ular uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. 160 o‘rinli oshxonada 3 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlangan. Mehnat ta’tili davrida salomatliklarini tiklash va dam olishlari uchun sanatoriya va sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar ajratiladi. 10 ta avtobus ularning ishga kelib-ketishlari uchun xizmat qiladi. Ularning 30 nafardan ortiq farzandlarining yozgi oromgohlarda dam olishlari tashkil etildi.

Jurnalistlarni viloyatda eng yirik korxonalardan biri bo‘lgan "O‘zBAT" qo‘shma korxonasida birorta ham nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilmasligi taajjubga soldi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari nafaqat mahalliy, balki Turkiya, Italiya, Serbiya, Rossiya kabi davlatlardan kelib Samarqand turizm markazini bunyod qilayotgan muhandis va ishchilarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Ular ovqatlanayotgan oshxonalardagi taomlar tarkibi va ratsionlarini o‘rgandi. Yotoqxonalardagi qulayliklar, dam olish xonalari, tez yordam bo‘limi va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish xonalarini ko‘zdan kechirdi.

- Ayni paytda qurilishlarda mehnat qilayotgan 7,5 ming ishchidan 2,5 mingi mehnat ta’tiliga chiqqan, - deydi bizga hamrohlik qilgan markazning mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Qurbonov. – Har hafta barcha ishchi-xizmatchiga mehnat muhofazasi bo‘yicha tushunchalar berilib, ular maxsus kiyim-kechak, kaska, qo‘lqop va shaxsiy gigiyena vositalari beriladi. Ayniqsa, kechki navbatda ishlovchilarga alohida e’tibor qaratiladi. Mehnat maydonchalarining yetarlicha yoritilib, xavfsizlik kamarlari, yoritkich va ish qurollari bilan ta’minlanishi qat’iy nazoratga olingan.



Jurnalist va blogerlar Samarqand shahridagi Qorasuv massivida “Agromir Buildings” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning quruvchilari bilan ham uchrashdi.

Korxona tomonidan hozirgacha 10 255 ta oila uchun 12, 16, 25 qavatli uylar qurilgan. Bugungi kunda yana 18 ta ko‘p qavatli uylar qurilishida ishlayotgan 2354 tadan ortiq muhandis va ishchilarga yetarli ish sharoitlari yaratilib, ular maxsus kiyim-kechak va boshqa himoya vositalari bilan ta’minlangan. Biroq mazkur korxonada kechki smenada ishlayotgan ishchilarga maxsus issiq kiyim-kechaklar berilmagan.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi hamda kasaba uyushmalari birlashmalari viloyat kengashining mutaxassislari ishchilar bilan suhbatlashib, ularning mehnat qonunchiligi, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida bilimlarini sinab ko‘rishdi. Shuningdek, korxonada ishchilarga ish beruvchi tomonidan yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar, imtiyozlar borasida qanday takliflar borligini o‘rgandi.


- Press-turimizni o‘tkazishdan asosiy maqsad, mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan birga sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan, - deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Jonibek Azimov. - Bugungi kunda boshqarmamiz "Monomarkaz" va kasb-hunarga o‘qitish markazlari bilan ishsiz yoshlarni jalb qilgan holda viloyatdagi qurilish tashkilotlariga zarur bo‘lgan suvoqchi, g‘isht teruvchi, payvandchi kabi o‘ndan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlab, qayta tayyorlashda hamkorlik qilmoqda. Jumladan, 8 nafar yoshlarni mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha qayta tayyorlanib, Samarqand turizm markaziga ishga joylashishiga erishdi.

Dilmurod To‘xtayev.