Prezident: 9 ming ayol noturar joyda istiqomat qiladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlar muammolarini hal qilish masalasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Murojaatnomada ayollar bilan ishlashda boshqaruv tizimini takomillashtirish haqida aytilgan edi. Shu maqsadda Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Yig‘ilishda mazkur jamoatchilik kengashi “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi, munosib ish topishiga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishi hamda mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borishi zarurligi ta’kidlandi.

Selektorda xotin-qizlar muammolarini tezkor hal qilish, ularni “Ayollar daftari”dan chiqarish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Dehqonobod tumani hokimlari o‘z hududida hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirish orqali hududidagi “Ayollar daftari”ga kirgan ishsiz ayollarni band qilish rejalarini tushuntirdi.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida 55 gektar maydonda tashqi bozorda xaridorgir za’faron o‘simligi yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu o‘simlikni ekish va hosilni yig‘ishga 10 ming nafar xotin-qiz mavsumiy ishga jalb qilingan. Za’faronni saralashga yana ming nafar ayol jalb qilinib, o‘rtacha 3 million so‘mdan oylik berilgan.

Joriy yilda Baxmal tumanida ushbu noyob o‘simlikni yetishtirish 200 gektarda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu yana qo‘shimcha 30 mingta mavsumiy ish o‘rni, degani. Bu o‘simlikni Zomin, Bo‘stonliq, Urgut, Kitob, Shahrisabz, Chortoq tumanlarida yetishtirish imkoni mavjud.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ushbu tumanlarning zaxiradagi yerlarini tahlil qilib, 50 gektardan maydonda ushbu o‘simlikni ekish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu orqali yil yakuniga qadar 50 ming nafar ayollarni mavsumiy ish bilan ta’minlash mumkin.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 9 ming ayol noturar joyda yashashini, hokimlar bir oy muddatda, avvalo, ularni yashash joyi bilan ta’minlashi kerakligini ta’kidladi.

“Ayollar daftari”ga kirgan va tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan hozirgacha aniqlangan 70 mingga yaqin xotin-qizni biznesga oid ko‘nikmalarini shakllantirish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha topshiriq berildi.