Prezident banklar faoliyati barqarorligini ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror ishlashini hamda iqtisodiyotga moliyaviy ko‘makchi bo‘lishini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 mart va 3 aprel kunlari qabul qilingan farmonlarida bu borada ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.
Xususan, tadbirkorlar va aholining jami 19,5 trillion so‘mlik kredit qarzlarini to‘lash muddati 1 oktyabrgacha kechiktiriladi. Albatta, bu ularga karantin sharoitida katta madad bo‘ladi. Lekin, shu bilan birga, moliya-kredit muassasalariga tushadigan mablag‘ kamayishini ham nazardan qochirib bo‘lmaydi.
Shu bois yig‘ilishda banklarning barqaror ishlashini ta’minlash, bandlik va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.
Jahon iqtisodiyotida boshlanayotgan inqiroz holatlarini hisobga olib, banklarning loyihalar portfelini tanqidiy ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ya’ni, hali boshlanmagan, uzoq muddatli loyihalarni aniqlab, ularni joriy yilning o‘zida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalarga almashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada banklarga mablag‘larni ustuvor ravishda kichik biznes sub’yektlariga yangi ish o‘rinlari yaratish uchun hamda uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilish uchun yo‘naltirish tavsiya etildi.
Joriy yilda Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank orqali bandlikni ta’minlash dasturlariga 4 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi orqali Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.
Ushbu mablag‘lar ko‘plab yangi loyihalarga asos bo‘ladi. Prezidentimiz birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kichik biznes va hunarmandchilik loyihalariga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.
Karantin davrida ham agrar sohadagi ishlar to‘xtamaganini hisobga olib, qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga biriktirilgan tijorat banklari hozirning o‘zida yangi loyihalarni ko‘paytirishlari lozimligi qayd etildi.
Ma’lumki, o‘tgan haftada 24 ta bank tashabbus ko‘rsatib, jismoniy shaxslar uchun kredit ta’tili e’lon qildi. Bugungi yig‘ilish chog‘ida banklar shu kabi oddiy, lekin aholida ishonch va hurmat uyg‘otadigan yana ko‘plab tashabbuslar bilan chiqishi maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.
Masalan, muddati tugagan omonatlarning muddati uzaytirilib, bu haqda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinsa, karantin vaqtida uyida o‘tirgan aholiga qulaylik yaratiladi.
Karantin tugaganidan keyin ko‘plab korxonalarga o‘z faoliyatini tiklash uchun ancha vaqt va mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu bois Markaziy bankka ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun banklar orqali 30 trillion so‘m aylanma mablag‘lar ajratilishini ta’minlash topshirildi. Zarur hollarda, korxonalarga ish haqi to‘lash uchun ham kreditlar ajratilishini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.
Masofaviy xizmat ko‘rsatish turlari va qamrovini kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Videoaloqa tarzida o‘tgan yig‘ilishda soha mutasaddilari va tijorat banklari rahbarlari tegishli axborot berdi.